13 iyun kuni Yengil atletika federatsiyasining anjumanlar zalida, OAV vakillari ishtirokida, 25 iyun kuni respublikaning 16 ta shahrida Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi va Vatan qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Xalqaro Olimpiya kunini (Olympic Day) nishonlash munosabati bilan bir milyaga teng ramziy masofaga ommaviy yugurishlar tashkil etiladi.
Sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirokida jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishtirok etdi. Tadbirning texnik va tashkiliy jihatdan tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasiga yuklangan. Bosh hamkor – «O‘zbekneftgaz» AJ.
Bu yili Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi butunlay yangi formatda o‘tkazilmoqda: Toshkentda o‘tkaziladigan sport tadbirining ishtirokchilari uchun tanlov asosida 3 ta masofa taqdim etiladi: 1 milya (1609 m), 3 km, 10 km, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand va Nukusda – 1 milya va 3 km. Andijon, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Urganchda yuguruvchilar 3 km masofada musobaqalashadi.
Respublikaning 16 ta shahri “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” umumiy yagona shiori ostida birlashadi.
«Mamlakat aholisi orasida yugurish sportini ommalashtirish va milliy salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbus sifatida boshlangan Yangi nafas sport harakati, ushbu yili xalqaro harakat maqomiga ega bo‘ldi, deb ta’kidladi Andrey Abduvaliyev, Yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari va Markaziy Osiyo yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi. — Bo‘lajak ommaviy yugurish musobaqasiga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan yosh sportchilar va yugurish klublarining a’zolari qo‘shilib, sport va yoshlar bayramini biz bilan baham ko‘rishadi».
Xalqaro Olimpiya kunini nishonlash bo‘yicha Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining ushbu yildagi murojaati ham ommaviy yugurish mavzusiga yaqin bo‘lib, kundalik jismoniy faoliyatni rag‘batlantirgan holda, #LetsMove heshtegi ostida bo‘lib o‘tmoqda. 25 iyun kuni Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasiga O‘zbekistonning mashhur sportchilari va sog‘lom turmush tarzi faollari, yoshlarga ta’sir ko‘rsatadigan yosh fikr yetakchilari ham qo‘shiladi.














