O‘zbekiston | 13:01 / 15.06.2023
21706
2 daqiqa o‘qiladi

“Biz hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz” – Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon bozoridagi yong‘in haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni paytda farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvda ishtirok etayotgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon bozorida sodir bo‘lgan yirik yong‘in haqida ham munosabat bildirdi.

— Bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tsam. Shu haftada Qo‘qondagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzlab tadbirkorlarimizga zarar yetkazdi. Qo‘qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo‘lsin, biz hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz. Bu bozor uzog‘i bilan bir oyda to‘liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do‘konda faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘sha yerda tadbirkorligini davom ettiradi, dedi u.

Nomzodning qo‘shimcha qilishicha, yong‘indan zarar ko‘rgan barcha tadbirkorlarning kredit va soliq to‘lovlari muddati kechiktiriladi. Ularning qayta oyoqqa turib olishlarida aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yong‘in oqibatida bozorga tutash hududlarda zarar ko‘rgan aholi xonadonlari to‘liq ta’mirlab beriladi.

“Umuman, yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilib, bozorlarni zamonaviy, qulay, barcha xavfsizlik talablariga javob beradigan savdo komplekslariga aylantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid