Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Dehqonobod tuman bo‘limi boshlig‘i B.G‘. o‘ziga biriktirilgan Nexia-3 rusumli xizmat avtotransport vositasida harakatlanib kelayotgan vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishdagi fuqaro Sh.F. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi bilan to‘qnashib ketib, yo‘l-transport hodisasiga uchragan.
Departament xabariga ko‘ra, orqa tomondan harakatlanib kelgan fuqaro U.Yo. boshqaruvidagi Spark rusumli avtotransport vositasi ham B.G‘. boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasiga kelib urilgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli sud tibbiyot ekspertizalari hamda departament xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ekspertiza hamda xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot berilishi aytilgan.














