Chongar orqali o‘tadigan yo‘l — anneksiya qilingan Qrimdan Xerson oblastining bosib olingan qismidagi Melitopol shahri va Ukraina qarshi hujum olib borayotgan janubiy frontdagi hududlarga olib boruvchi eng qisqa yo‘ldir. Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov avtomobil ko‘prigi bo‘ylab zarba tunda berilgani, «jabrlanganlar yo‘qligi»ni ma’lum qildi.
Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismi rahbari Vladimir Saldo e’lon qilgan fotosuratlarda ko‘prik jiddiy darajada shikastlanganini ko‘rish mumkin — yo‘l qoplamasida ulkan o‘yiq hosil bo‘lgan.
Saldo ko‘prik Britaniya may oyi boshida Ukrainaga yetkazib berilgan Storm Shadow raketalari bilan o‘qqa tutilganini taxmin qilgan.
Chongar bo‘g‘ozi o‘tgan avtomobil ko‘prigida harakat to‘xtatilgan, yarimorolga faqat g‘arbroqda joylashgan va Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismiga ham eltuvchi Perekop orqali o‘tgan yo‘l bilan borish mumkin.
Chongar orqali temiryo‘l marshruti ham o‘tadi. Temiryo‘l ko‘prigi avtomobil yo‘lidan janubi-g‘arbroqda joylashgan, uning shikastlanganiga oid dalillar yo‘q.

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov Ukraina qurolli kuchlarining zarbaga aloqadorligini rad etmadi, shu bilan birga bu zarba uchun javobgarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri Kiyev zimmasida ekanini tan olmadi. «Hozir ish davom etmoqda — va u davom ettiriladi. Bu xavfsizlik kuchlari, mudofaa, qarshilik harakati, Ukrainaning qonuniy hukumati bu hududlariga qaytishini kutayotgan mahalliy aholining tizimli ishidir», — degan u.
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Chongar ko‘prigiga yo‘llangan zarba yuzasidan izoh berishni istamadi, holbuki u odatda Rossiya obektlariga qilingan hujumlar yuzasidan (jumladan 2022 yil oktyabrida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tgan Qrim ko‘prigida ro‘y bergan portlash) siyosiy baho berib kelardi.
Rossiya nashrlari bergan xabarlarga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham Rossiya xavfsizlik kengashining 22 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida Chongar ko‘prigiga yo‘llangan zarbani tilga olmagan, yig‘ilishda ular yana Ukrainaning qarshi hujumi qanday qaytarilayotgani haqida ma’lumot bergan.

Foto: KHERSON REGION GOVERNOR/TASS
















