O‘zbekiston | 13:58 / 23.06.2023
55901
5 daqiqa o‘qiladi

Xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar haqiqiy qahramon - Shavkat Mirziyoyev

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga oid rejalarni ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: O‘zLiDeP

150 ming nafar yoshlarimiz xorijiy oliygohlarda ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, 2 million atrofidagi yurtdoshlarimiz ro‘zg‘orini tebratish uchun, oilasi, ota-onasi va farzandlaridan uzoqda – xorijda mehnat qilmoqda. Albatta, musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas.

Xorijda bunday sharoitda yashab kelayotgan odamlarimizni haqiqiy qahramon, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chet ellarda tajriba va malaka orttirayotgan ana shunday vatandoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak”, dedi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ma’lum qildi.

Chet eldagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiramiz. Xususan, og‘ir ahvolga tushib qolgan barcha yurtdoshlarimizga xorijiy davlatning o‘zida moddiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz. Jumladan, ularga vaqtincha yashash, hujjatlarini tiklash, ona Vataniga qaytish kabi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Taqdir taqozosi bilan xorijda vafot etgan yurtdoshlarimizni o‘z yurtiga olib kelish davlat tomonidan ta’minlanadi. Ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga alohida g‘amxo‘rlik qilinadi, farzandlarini o‘qitish va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, xorijda ishlayotgan odamlarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida, ularga advokat jalb etish xarajatlarini qoplash va huquqiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, dedi u.

AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa davlatlaridan yuqori maosh to‘lanadigan ish topib ketayotgan yurtdoshlarimizga yo‘l chiptasi va “ishchi viza”ni olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Bundan tashqari, chet eldagi yurtdoshlarimiz uchun:

  • onlayn hujjat olish va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi, ularning narxlari ichki tariflarga tenglashtiriladi;
  • doimiy konsullik hisobida turish badali bekor qilinadi, hisobda turish shartlari soddalashadi;
  • sog‘lig‘i va hayotini sug‘urtalash ko‘lami kengaytiriladi. Bunda, “ijtimoiy reyestr” va “3 ta daftar”larga kirgan shaxslarga sug‘urta xarajatlari uchun subsidiya beriladi;
  • Germaniya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda, shuningdek, Rossiyaning yirik shaharlarida bepul huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan markazlar ochiladi (hozirda Rossiyaning Moskva shahrida hamda Koreya, Qozog‘iston va Turkiyada tashkil etilgan);
  • xorijdagi yurtdoshlarimizning barcha masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalarimiz, Tashqi ishlar, Bandlik va Ichki ishlar vazirliklarida tun-u kun ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etiladi.

Umuman, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan ishlash, chet elga ishlashga va o‘qishga ketgan odamlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga kelgusi yillarda 200 million dollar yo‘naltiriladi”, dedi nomzod.

Rejalarga muvofiq, kelgusi yetti yil ichida:

  • xorijiy davlatlarda hunarmand va kulollar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari keng nishonlanadi;
  • vatandoshlarimiz uchun O‘zbekiston bo‘ylab, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga maxsus sayohatlar hamda chegirmalar paketi ishlab chiqiladi.
  • bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun, “Vatandoshlar” jamoat fondiga 300 milliard so‘m ajratilib, ushbu jamoat fondining vakolatlari ham kengaytiriladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ishlash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi vatandoshlar uchun:

  • kirish vizalari muddati 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi, davlat bojlari 3 karra pasaytiriladi (hozirda – 250 dollargacha);
  • O‘zbekistonda ishlashi uchun litsenziya talabi bekor qilinadi, barcha huquqlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
  • O‘zbekistonda doimiy yashash tartibi soddalashtiriladi;
  • mamlakatimizda uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, ta’lim, tibbiyot va boshqa davlat xizmatlaridan teng huquqlilik asosida foydalanish imkonini beradigan “Vatandosh guvohnomasi” joriy qilinadi.

Mavzuga oid