Xorijiy davlatlar Rossiyadagi harbiy isyonga vazminlik bilan munosabatda bo‘lib, vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlamoqda. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «Rossiyada hamma narsa endigina boshlanmoqda», deb hisoblaydi.

Bir qator G‘arb davlatlari vakillari 24 iyun, shanba kuni ularning rahbariyati Rossiyada «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning isyoni munosabati bilan sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qildi. 

Shu tariqa, Germaniya hukumati vakili so‘rovga javoban Berlin Moskvadagi rasmiylar va «Vagner» XHK o‘rtasida qarama-qarshilik atrofidagi voqealarni «yaqindan kuzatayotganini» bildirdi, deb xabar berdi Reuters va AFP.

Berlindagi hukumat matbuot kotibi o‘rinbosari Kristiane Xoffman Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z murojaatida mamlakatdagi hozirgi vaziyatni «1917 yil bilan» solishtirganiga e’tibor qaratdi. 

Yevropa Ittifoqi ham Rossiyadagi vaziyatning rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Yevropa yetakchilari va G7 hamkorlari bilan aloqa yo‘lga qo‘yilgan», deb yozdi Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Twitter’da. U voqealar rivojini «Rossiyaning ichki muammosi» deb atadi va Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi sobit bo‘lishiga ishontirdi. 

Oq uy Rossiyadagi «vaziyatni kuzatmoqda» va AQSh prezidenti Jo Bayden voqealar rivoji haqida ma’lumot oldi, dedi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Adam Xodj. «Biz vaziyatni kuzatmoqdamiz, ittifoqchilar va hamkorlar bilan bu o‘zgarishlar bo‘yicha maslahatlashamiz», deyiladi Xodjning bayonotida. 

Yelisey saroyi matbuot xizmati Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyadagi harbiy isyon bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganiga ishora qilib, Parij «Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratganini» ta’kidladi. 

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni «Vagner» XHK yollanma askarlarining isyoni Ukrainadagi urush mamlakat ichida beqarorlikka olib kelayotganining isboti sifatida qaraydi, deyiladi uning matbuot xizmati bayonotida. Meloni shanba kuni qator vazirlar va xavfsizlik xizmatlari vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. 

Rimdagi Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada bo‘lib turgan italiyaliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Idora boshlig‘i Antonio Tayani TIV Italiyaning Moskvadagi elchixonasi bilan aloqada ekanligini ta’kidladi.