Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbaa va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigi yo‘lladi.

“Biz mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash masalasini inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz”, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi – nodavlat media vositalari. Internet nashrlar soni 745 taga yetgan.

“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Jumladan, yaqinda birinchi marta o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilingani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident professional jurnalistlarning global axborot makonida milliy manfaatlarni himoya qilayotganini e’tirof etdi.

“Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumolmaymiz.

Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida OAV muayyan siyosiy kuchlar qo‘lida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, oqni – qora, qorani – oq deb ko‘rsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi.

Axborot makonidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi bo‘lgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, o‘z bilim va salohiyati, o‘tkir qalami va haroratli so‘zi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga ko‘maklashadigan, ularni buzg‘unchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi”.

Shavkat Mirziyoyev jurnalist va blogerlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘rnini qayd etdi.