1981 yil 7 fevral. Leningrad shahri yaqinidagi Pushkin shaharchasida joylashgan harbiy aerodrom. Bir guruh yuqori lavozimli harbiylar samolyotga chiqishga shoshilishyapti. Ular orasida harbiy-dengiz kuchlari admirallari, generallar va boshqa zobitlar bor.

Yuqori lavozimli harbiylar Pushkindagi harbiy bazada o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng xizmat joyiga, Vladivostokka qaytmoqda. Harbiylar o‘tirgan Tu-104 samolyoti havoga ko‘tariladi, biroq ko‘p o‘tmay halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan barcha halok bo‘ladi.

Bu halokat nafaqat SSSR, balki jahon tarixida bir paytning o‘zida ko‘p yuqori lavozimli harbiylar halok bo‘lgan yagona hodisa hisoblanadi.

Halokatdan avval

1981 yil fevral oyining boshida Leningraddagi harbiy-dengiz akademiyasida operativ o‘quv yig‘ini o‘tkazilishi belgilanadi. Yig‘ilishda SSSR Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli barcha flotlarning komandir tarkiblari qatnashishi shart edi.

Yanvar oyi oxirida birin-ketin barcha flotlar qo‘mondonlari va komandirlari, o‘quv-mashqida qatnashadigan zobitlar Leningradga kela boshlashadi.

1981 yil 30 yanvar kuni Tinch okeani flotiga qarashli Tu-104 samolyoti Leningrad yaqinidagi Pushkin shaharchasida joylashgan harbiy aerodromga qo‘nadi.

Tu-104 samolyoti

Samolyotda Leningradda o‘tkazilishi belgilangan o‘quv-yig‘inida qatnashishi belgilangan Tinch okeani floti qo‘mondoni va barcha komandir tarkibi kelgan edi.

1 fevral kunidan boshlangan maxsus mashq o‘quv-yig‘ini yetti kun davom etadi va unda aynan Tinch okeani floti komandir tarkibi eng yaxshi deb topiladi. 7 fevral kuni tushdan so‘ng jamoa ortga – Vladivostokka uchib ketishi kerak edi.

Tu-104 samolyoti reaktiv dvigatelli samolyot bo‘lib, Vladivostokkacha to‘xtovsiz uchishi kerak edi. Samolyotga yoqilg‘i to‘ldiriladi va Tinch-okeani floti komandir tarkibi parvozga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

Soat 16:00 da Tu-104 komandiri A.Inyushin samolyot parvozga tayyorligini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng Tinch-okeani floti qo‘mondoni Emil Spiridonov boshchiligidagi harbiylar samolyotga chiqishadi. Spiridonovning xotini ham u bilan birga edi.