Iyun oyida Ukrainaga maxfiy tashrifi chog‘ida MRB direktori Uilyam Byornsga Kiyev tomonidan ambitsiyali rejani taqdim etishgan: Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarni qaytarish va yil oxirigacha Moskva bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash. Bu haqda Amerikaning Washington Post nashri anonim manbalariga asoslangan holda xabar tarqatdi.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns iyun oyi oxirida Ukrainaga kelib, razvedkachi hamkasblari hamda prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgani to‘g‘risida boshqa nufuzli nashrlar ham shaxsi sir saqlanishini istagan manbalariga tayangan holda xabar bergandi.

Manbalar tashrif sanasini aniq keltirmagan, ammo bu Rossiyada Prigojinning 23 iyun kuni boshlangan isyoni arafasida ro‘y bergani qayd etilgan.

Maqola chiqishi ortidan prezident Zelenskiy Ukraina faqat barcha hududlari ozod etilganidan keyingina Rossiya bilan muzokaralarga tayyor bo‘lishini aytdi. «Ukraina haqiqiy chegaralarimizga chiqqanimizdan keyingina u yoki bu formatdagi diplomatiyaga tayyor bo‘ladi. Xalqaro huquqqa muvofiq bo‘lgan haqiqiy chegaralarimizga», — deya Zelenskiydan iqtibos keltirgan «RBK-Ukraina».

1 iyulgacha xabar qilinmagan Byornsning safari ukrain kuchlarining qarshi hujumi ketayotgan, ammo mamlakat rasmiylari aytishicha, hali g‘arb tomonidan tayyorlangan va qurollangan asosiy shturm brigadalari jangga tashlanmagan mahalga to‘g‘ri keldi.

WP bilan gaplashgan mulozimlardan biriga ko‘ra, tashrifdan maqsad Bayden ma’muriyati Ukraina o‘zini himoya qilishi uchun bundan keyin ham razvedka ma’lumotlarini taqdim etishga «tayyorligini tasdiqlash» hisoblanadi.

Avvalroq Bayden ma’muriyati Prigojinning niyati haqida iyun oyi o‘rtalaridan buyon xabardor bo‘lgani haqida razvedka ma’lumotini Ukraina tomoniga yetkazgandi. Ammo Washington Post manbasiga ko‘ra, Kiyevda Byorns bu mavzuni muhokama qilmagan.

Kiyev omma oldida o‘z qarshi hujumi past sur’atlarda ketayotgani tanqidga uchrayotganidan ranjiyotganini bildirsa-da, ukrain harbiy strateglari o‘zaro suhbatlarda Byorns va boshqalarga yaxshi kayfiyatda ekanliklarini bildirishadi, deya yozadi WP.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev g‘arblik hamkasblariga bosib olingan hududlarning salmoqli qismini kuzgacha qaytarish; Rossiya tomonidan nazorat qilinayotgan Qrim chegarasiga artilleriya va raketa komplekslarini joylashtirish; Ukraina sharqida ilgarilash; keyin Moskva bilan muzokaralarni boshlash rejalari bilan o‘rtoqlashgan - bu o‘tgan yil mart oyida barbod bo‘lgan tinchlik muzokaralaridan keyingi birinchisi bo‘ladi. Bu haqda Washington Post nashriga reja bilan tanish bo‘lan uch manba xabar bergan.