Ukraina IIV turar joy binosining uchta pod’yezdida uchinchi va to‘rtinchi qavatlar vayron bo‘lgani, kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ukraina FVDX ma’lumotlariga ko‘ra, 37 kishi yaralangan, ular orasida yosh bola ham bor. Xarobalar ostidan 7 kishi qutqarilgan.
Xarobalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Uyning qulab tushgan uchta pod’yezdi vayronalari ostida hamon odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina QK havo kuchlari ma’lum qilishicha, tungi soat bir atrofida Qora dengiz akvatoriyasidagi kema va suvosti kemasidan «Kalibr» qanotli raketalari bilan zarbalar yo‘llangan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, avvaliga mahalliy relef va Dnipro o‘zanidan foydalangan holda shimoliy yo‘nalishda harakatlanib, keyin yo‘nalishni keskin g‘arbga o‘zgartirgan bir necha raketalar guruhi qayd etilgan.
Bayonotda aytilishicha, yakunda ukrain kuchlari 10 ta «Kalibr» qanotli raketasidan yettitasini to‘xtatgan. Qolgan uchtasi Lvivdagi fuqarolik obektlariga kelib urilgan.
Ko‘p kvartirali uyga eng ko‘p zarar yetgan, bu yerda uchta pod’yezdda uchinchi va to‘rtinchi qavatlar vayron bo‘lgan, xarobalar ostidan to‘rt kishining jasadi olib chiqilgan.
Lviv meri Andriy Sadoviy tunda uyga rossiyaliklar raketasi qoldiqlari tushganini aytgandi, ammo oblast harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy binoga raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilganini tasdiqladi. Prokuratura ham bu versiyani qo‘llab-quvvatlagan: rossiyaliklar raketasi kelib urilgan.
«„Rus dunyosi“ Lvivga shunday qilib keldi», — degan u vayron bo‘lgan uy fonida olingan videoda. Tungi chiqishida u Lvivda boshqa muhim infratuzilma obekti ham zarbaga uchraganini ma’lum qilgandi.
Merning hisoblariga ko‘ra, shaharda jami 35 ta uy shikastlangan. «Bu keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Lvivda fuqarolik infratuzilmalariga qilingan eng katta hujumdir, — deya yozgan tunda Sadoviy o‘z telegram-kanalida. — Uylarning tomlari butunlay uchib ketgan».
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning telegram-kanalida tongda Lvivdagi vayrongarchilikning dron orqali olingan videosi e’lon qilindi. «Dushmanga javob albatta bo‘ladi. Sezilarli darajada», — degan Zelenskiy.




















