O‘zbekiston | 13:31 / 06.07.2023
12047
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Sirdaryoga jamoat transporti uchun 160 ta yangi avtobus olib kelinadi

Viloyatga va poytaxtga qatnovchi yangi elektropoyezdlar olib kelinadi. Shuningdek, viloyatning bir necha hududida 4 ta issiqlik elektr stansiyasi quriladi.

Foto: O‘zLiDeP

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda viloyatda transport va elektr-energetika sohalarini rivojlantirishga oid rejalar haqida to‘xtaldi.

Nomzodning rejalariga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida jamoat transporti qatnovlarini ko‘paytirish uchun 160 ta yangi avtobus olib kelinib, zamonaviy loyihalar asosida 60 ta bekat quriladi. Bular orqali Sirdaryolik 600 mingdan ziyod odamlarning uzog‘i yaqin bo‘ladi.

Toshkent – Xovos” yo‘nalishidagi bundan 35 yil avval sotib olingan elektropoyezdlarni yangilaymiz. Buning uchun, 20 million dollar evaziga, zamonaviy elektropoyezdlar olib kelamiz”, dedi nomzod.

Kelgusi yillarda yaratiladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga viloyatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Bu borada o‘tgan yili Turkiyaning “Cengiz enerji” kompaniyasi bilan 150 million dollar investitsiya evaziga, Xovosda 220 megavattli bug‘-gaz elektr stansiyasi ishga tushirilgan.

Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Boyovut tumani va Shirin shahrida Saudiya Arabistonining “Acwa power” kompaniyasi tomonidan 1 milliard 100 million dollar sarmoya hisobiga, yana 1,5 ming megavattli issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi ikki yilda Fransiya, Yaponiya va Qatar kompaniyalari konsorsiumi tomonidan 1 milliard 100 million dollar investitsiya kiritilib, qo‘shimcha 1,5 ming megavattli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi barpo etiladi”, dedi Mirziyoyev.

Mavzuga oid