O‘zbekiston | 08:37 / 13.07.2023
6194
3 daqiqa o‘qiladi

Deklaratsiya to‘ldirilayotganda bojxona narxlar haqida xabardor qiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirining “Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 3-ilovasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Bojxona qiymati 4-usul (Bojxona kodeksi 311-moddasiga muvofiq qiymatlarni chegirib tashlash asosidagi usul) bo‘yicha aniqlanganda deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan tegishli hujjatlarni to‘liq yoki qisman taqdim etish imkoniyati bo‘lmaganda, bojxona organi o‘zining axborot tizimlariga integratsiya qilingan soliq organlari axborot tizimlarida mavjud bo‘lgan elektron hisobvaraq-fakturadagi aynan bir xil yoki o‘xshash tovarlarning narxlari to‘g‘risidagi axborotni deklaratsiyalovchi shaxsga taqdim etadi.

Bojxona qiymati mazkur usul bo‘yicha aniqlanganda deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

O‘zbekiston bojxona hududida baholanayotgan, aynan bir xil va o‘xshash tovarlar sotilgani to‘g‘risidagi shartnomalar;

O‘zbekiston bojxona hududida o‘sha klassdagi va turdagi tovarlarni sotishda qo‘yilgan hisobvaraq-faktura (invoys);

O‘zbekiston bojxona hududiga tovarni olib kirish va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni aks ettiruvchi hisobvaraq-faktura, bank hujjatlari (agar hisobvaraq-fakturalar to‘langan bo‘lsa), buxgalterlik hujjatlari (vositachi haqlari to‘g‘risida, tijorat xarajatlari, tashish xarajatlari, sug‘urta, yuklash va tushirish ishlari, olinadigan daromad);

baholanayotgan tovarga ishlov berish natijasida qo‘shilgan qiymat to‘g‘risidagi hujjat va ma’lumotlar, agar bunday tovar unga keyinchalik ishlov berilgandan keyin sotilayotgan bo‘lsa: ishlov berish bo‘yicha pullik xizmat ko‘rsatish shartnomasi, buyurtmachiga ijrochi tomonidan qo‘yilgan hisobvaraq-faktura (invoys), ushbu shartnomani to‘lash bo‘yicha bank hujjatlari, ishlov berish qiymati to‘g‘risida buxgalterlik hujjatlari (kalkulyatsiya);

O‘zbekiston bojxona hududiga tovarlarni olib kirish va (yoki) sotish munosabati bilan O‘zbekistonda bojxona boji, soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarning to‘langani to‘g‘risidagi hujjatlar.

Bunda, deklaratsiyalovchi shaxs bojxona organi tomonidan taqdim etilgan narxlar bo‘yicha tovarning bojxona qiymatini O‘zbekiston bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-ilovasiga muvofiq iqtisodiy-matematika usullarini qo‘llagan holda hisoblash hamda tovarning bojxona qiymatini bojxona organiga taqdim etish huquqiga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid