Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidagi Bolg‘oli qishlog‘ida maktab yo‘q, 350 nafar o‘quvchi olisdagi ta’lim muassasasiga qatnab o‘qiydi. Yechim sifatida 2021 yilda qishloqdagi har bir xonadondan 500 ming so‘mdan pul yig‘ilib, hashar yo‘li bilan maktab qurilishi boshlangan. Ammo binoning asosiy qismi qurib bitkazilgan bir vaziyatda mablag‘ yo‘qligi sabab ish to‘xtab qolgan. Qishloq ahli mutasaddilardan ta’lim dargohini yangi o‘quv yiligacha bitkazib berishni so‘ramoqda.
Tahririyatimizga kelgan murojaatga ko‘ra, Bog‘dod tumani “Qo‘g‘oli” MFY Bolg‘oli qishlog‘i bolalari olisda joylashgan 23- va 30-maktablarga qatnab o‘qishadi.


Ma’lum bo‘lishicha, maktab qurilishi uchun yig‘ilgan puldan tashqari qishloq ahli “Tashabbusli budjet”da g‘olib bo‘lgan: 960 mln so‘m mablag‘ evaziga ta’lim dargohining tomi yopilib, pol qismi bitkazilgan, eshik-derazalar sotib olingan. Bundan tashqari, qurilish ishlari bilan tanishgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov maktab uchun sport zali va suv inshooti qurib bergan.


Bolg‘oli qishlog‘ida 450 dan ortiq xo‘jalik bor. Har bir oiladan kamida 2 o‘quvchi 3 km yo‘l yurib maktabga qatnab o‘qishadi. Hashar yo‘li bilan bunyod etilayotgan maktabning deyarli 90 foiz qismi bitgan.


Eng asosiy masala isitish tizimi, tashqi fasad qismi va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazib, maktabni yangi o‘quv yiliga foydalanishga topshirish kechikyapti. Bu borada ota-onalarning yordam so‘rab bormagan idorayu tashkiloti qolmagan.
Mahalla faoli Ubaydullo Imomaliyev bolg‘oliliklar maktabning ishga tushishini intiq kutayotganini ta’kidladi.



















