
G7 davlatlarining Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha rejalari «o‘ta xavfli potensialga ega», bunday kafolatlar taqdim etilishi Rossiya xavfsizligiga daxl qilishdir, degan RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bu haqda «Interfaks» xabar qilmoqda.
«Ukrainaga qanaqa bo‘lmasin xavfsizlik kafolatlari taqdim etib, bu davlatlar xavfsizlikning bo‘linmasligi borasidagi xalqaro prinsiplarni hisobga olishmayapti. Ya’ni ular Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taqdim etib, Rossiya Federatsiyasining xavfsizligiga raxna solishmoqda», — deya ogohlantirgan Peskov.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu «o‘rta, uzoq, hattoki yaqin istiqbolda ham o‘ta va o‘ta salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin».
Kreml matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, bunday qarorlar qabul qilar ekan G7 davlatlari amalda «Yevropani uzoq yillarga yanada xavfli hududga aylantiradi». U yana Rossiya tomonidan javob choralari ko‘rilishiga ham shama qilgan: «Albatta, bu bizga ham yomon ta’sir qiladi va biz kelgusida nimalardan kelib chiqib harakat qilishimiz kerakligini hisobga olishga majbur bo‘lamiz», — degan Peskov.
11 iyul kuni NATO Ukrainani alyansga a’zo bo‘lish jarayonini soddalashtirishga rozi bo‘ldi. Tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, alyans a’zolari birdamlikka erishishsa, barcha shartlar bajarilsa, NATO Ukrainaga a’zolik uchun taklif jo‘natadi.
Keyinroq u G‘arb davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etib ma’lum bir tavakkalchilikka yo‘l qo‘yayotgani, biroq to‘liq «xavfsiz» variantning o‘zi yo‘qligini ta’kidlagan. «NATO bo‘yicha ittifoqchilar uchun tavakkalchilik elementlaridan zoli variantning o‘zi yo‘q», —degan Stoltenberg. U «Rossiya doim NATOning kengayishi bo‘yicha barcha fazalarga qarshilik qilib kelgani»ni ta’kidlagan.

















