O‘zbekiston | 11:41 / 14.07.2023
10458
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari havo harorati pasayadi

O‘zbekiston hududiga Eronning tropik havosi kirib kelishi natijasida ushbu hafta davomida respublika bo‘yicha juda issiq ob-havo kuzatildi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 11 iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 12-13 iyul kunlari qolgan hududlarda havo harorati +40...+42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +43...+45 darajagacha, Qizilqum cho‘lining g‘arbida ba’zi joylarda +46 darajagacha ko‘tarildi.

Biroq kuchli issiq davr uzoq davom etmadi. 13 iyul kunidan boshlab respublikaning shimoliy-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan nisbatan salqin havo kirib kelishni boshladi va ushbu hudud bo‘yicha harorat +5...+7 darajaga pasaydi.

Ma’lum qilinishicha, bugun Kavkazdan kirib kelayotgan havo respublika hududi bo‘yicha harakatini davom ettiradi va barcha joylarda issiq zaiflasha boshlaydi. Bugun kunduzi havo harorati +35...+39 darajani tashkil etadi, eng chekka janubda +41...+44 darajagacha bo‘ladi. Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida harorat +33...+38 daraja atrofida bo‘ladi, faqat ba’zi joylarda +39...+40 darajaga yetadi.

14-16 iyul kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha asosan quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha yetishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 14-16 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 14 iyul kechga tomon va 15 iyulda 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat +37...+39 daraja, dam olish kunlari +35...+38 daraja bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid