Termik depressiya yoki Eron issiq havo massalari

Yozgi termik depressiya - troposferaning quyi qismidagi past bosimli zonada yuz beradigan sinoptik hodisa. Bulutsiz issiq ob-havoda ro‘y beradigan siklonlarning harakati tufayli kelib chiqadi. Bunda yer yuzasining kuchli isishi natijasida issiq havo tepaga ko‘tariladi. Bu esa o‘sha mintaqada bosimning pasayishiga olib keladi. Va havo yuqori bosimli hududlardan past bosimli hududlarga tomon to‘plana boshlaydi.

Termik depressiya fanda “Eron issiq havo massalari” ham deyiladi. Bu havo massalari Markaziy Osiyoda kuzatilgan vaqt o‘rtacha sutkalik havo harorati shu kun uchun xos ko‘p yillik o‘rtacha haroratdan +6 +7 daraja yuqorilab ketadi.

Bu havo massalari cho‘l hududlarida kunduz kuni havo haroratining +43 darajagacha, voha hududlarida esa +40 darajagacha ko‘tarilishiga olib keladi. Kechasi ham havo haroratining yuqorilashi va tabiiyki kechqurun havodagi nisbiy namlikning yuqoriroq bo‘lishi, insonlarda kechki harorat ta’sirida ma’lum noqulayliklar keltirib chiqaradi

Bir so‘z bilan aytganda, termik depressiya bu – past bosimli issiq havo oqimi. Bunda kechalari ham havo harorati minimumi yuqori kuzatiladi. Katta hududlarda havo quruqlashib, havo qurg‘oqchiligini oshiradi.

Termik depressiyaning yana bir xususiyati uning faol bosqichida kechga borib va kechasi daraxt shoxlari va barglari shamoldan umuman shitirlamaydi. Hatto mahalliy xususiyatga ega shabada ham esmaydi.

Undan tashqari, bu jarayon kuzatilgan payt baland tog‘larda ham yomg‘ir yog‘maydi.

Yer yuzining qaysi hududlarida ko‘proq kuzatiladi?

Termik depressiya Markaziy Osiyoning janubiy-sharqida sodir bo‘ladi. Odatda, 2-3 kun, ba’zan, butun tabiiy sinoptik davrga cho‘ziladi. Ayrim yillarda yozgi Termik depressiya bir xilda takrorlanmaydi, ammo qancha tez-tez va uzoq davom etsa, yoz shuncha issiq keladi. Oddiy sharoitda Markaziy Osiyoning tekislik va tog‘oldi qismlarida havoning eng yuqori harorati yozda 35-40° gacha ko‘tarilsa, yozgi termal depressiya avjiga chiqqan paytlarda vohalarda 43-45° gacha, cho‘llarda 48-50° gacha ko‘tariladi.