17 iyulga ötar keçasi Qrim köprigida portlaş röy berdi. «VKontakte»dagi Rossiya pabliklari, şuningdek Ukrainaga bosqinni qöllovçi blogerlar köprikda ikki bor - tungi soat 3:04 va 3:20 da portlaşlar röy berganini xabar qilişgan. Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov soat 4:21 da Krasnodar ölkasi tomondan kelişdagi 145-tayanç ustun hududida röy bergan «favqulodda holat» tufayli köprikda harakatlaniş töxtatilganini xabar qildi. Köprikda avvaliga poyezdlar harakati ham töxtatilgandi, soat 8:40 dan poyezdlar qatnovi tiklandi. Röy bergan hodisa yuzasidan barça xizmatlarning harakatlarini muvofiqlaştiriş uçun operativ ştab tuzilgan.
Kreml ta’siridagi Readovka naşri köprikka raketa urilgani, buning natijasida 145-tayanç ustuni ağdarilgani, ikki oraliq yopmasi qulab tuşgani haqida yozdi. Guvohlar olgan videolarda ustun butun turganini köriş mumkin. RF transport vazirligi köprikda Qrim tomon keluvçi yöl qoplamasi şikastlangani, ammo «oraliq yopmalari konstruksiyasi öz ustunlarida turgani»ni ma’lum qildi. Qrim parlamenti rahbari Vladimir Konstantinov köprikka ukrain kuçlari hujum qilganini aytdi. TIV vakili Mariya Zaxarova ham şunday deb hisoblaşini bildirgan. RF mudofaa vazirligi hozirça portlaş sababi yuzasidan izoh bermadi.

Rossiya rasmiylariga köra, ikki kişi halok bölgan. Bu haqda Belgorod oblasti gubernatori Vyaçeslav Gladkov ma’lum qilgan. Uning sözlariga köra, Belgorod oblastidan bölgan juftlik halok bölgan, ularning voyaga yetmagan qizi esa örta oğirlikda jarohat olgan. Rossiya naşrlari ma’lumotiga köra, Novoye Oskoldan bölgan Aleksey va Natalya Kulik halok bölgan, ular mos ravişda 40 va 36 yoşda edi. Rasmiylarga köra, 14 yoşli qizga yopiq miya jarohati taşxisi qöyilgan, uning hayotiga xavf yöq, u huşida va mustaqil nafas olmoqda.
Qrim köprigiga avtomobillar ötkazilmayapti. Avtomobil haydovçilariga anneksiya qilingan hududlar orqali ötuvçi «muqobil yönaliş» taklif qilinmoqda. Hukumatparast «Glavnyy most» telegram-kanali haydovçilar Qrimga qanday borişi mumkinligi körsatilgan xaritani e’lon qilgan: yöl Mariupol, Berdyansk va Melitopol orqali ötadi. RF transport vazirligi ham anneksiya qilingan hududlar orqali harakatlanişni tavsiya qilgan. Kerç parom keçuvi vaqtinça işlamadi, portlaşdan keyin Qrimga ilk parom soat 10 da yöl oldi.














