Bir necha asrlik ziddiyat

Polyak va ukrain xalqi dushmanligi ancha uzoq tarixga ega. Sharqiy slavyanlarning ilk davlatchiligi hisoblanuvchi Kiyev Rusi va g‘arbiy slavyanlarning Polsha qirolligi o‘rtasidagi kurash X asrdanoq boshlangan. Bu ikki slavyan davlati Chervona shaharlari ustidan nazorat uchun o‘zaro urush olib borgan. Chervona shaharlariga hozirgi Polsha va Ukraina hududlaridagi Cherven (aynan shu shahar nomi sabab shunday atalgan), Lviv, Volin, Yaroslav, Belz, Jyeshuv va boshqa shaharlar kiradi. Keyinchalik bu hududlar Chervonnaya Rus (Qizil Rus) deb atala boshlangan.

Rech Pospolita davlati chegaralari

Chervonnaya Rus yerlari Kiyev Rusida feodal tarqoqlik davri boshlangach, Galitsiya-Volin knyazligi tarkibiga kiradi. Galitsiya-Volin knyazligi hududlari hozirgi Ukrainaning Lviv, Volin, Lutsk, Polshaning Karpatoldi, Lyublin, Belarusning Brest oblastlari hududlariga to‘g‘ri kelgan. Bu knyazlik 1340 yili Polsha qirolligi tomonidan egallab olinadi.

Polsha qirolligi, shuningdek, Buyuk Litva knyazligining g‘arbiy Kiyev Rusi yerlarini bosib olishiga ham yordam beradi va 1569 yilgi Lyublin uniyasidan so‘ng Buyuk Litva bilan bir davlatga birlashib, Dnipro daryosigacha bo‘lgan yerlar, jumladan Kiyev shahri, hamda Zaporijjya ustidan hukmronlik o‘rnatadi.

Polsha qirolligi va Buyuk Litva knyazligi birlashuvi natijasida tashkil topgan Rech Pospolita davlati hozirgi Ukraina yerlarini deyarli to‘liq o‘z nazoratiga oladi. Faqatgina Qrim xonligi tarkibidagi Xerson, Usmoniylar nazorati ostidagi Odessa va Buyuk Moskva knyazligi hududi bo‘lgan Xarkiv, Donetsk, Luhansk, qisman Sumi Rech Pospolita tarkibiga kirmaydi. Ushbu davr sharqiy slavyanlarning uchga (rus, belarus, ukrain) bo‘linish davri hisoblanadi.

Buyuk Litva knyazligi ta’siri ostidagi yerlarda belarus, Polsha nazorati ostidagi hududlarda ukrain, Oltin O‘rda bilan yaqin bo‘lgan Buyuk Moskva knyazligi asosida rus millati shakllanadi.

Rech Pospolita (amalda Polsha) hukmronligi davrida Galitsiya va Volin, keyinchalik butun Ukraina hududlarida «polyaklashtirish» siyosati olib boriladi. Mahalliy rusinlar (bo‘lajak ukrainlar) polyaklar, nemislar va yahudiylardan kam huquqlarga ega bo‘ladi va doimiy kamsitib kelinadi. Mahalliy aholi va polyaklarning dushmanligiga Polsha xristianlikning katolik oqimidaligi, ukrainlarning esa pravoslav oqimiga e’tiqod qilishi ham qo‘shimcha sabab bo‘ladi. Polsha shlyaxtalari (zodagonlari) rusinlarni qul qilishi, xohlasa o‘ldirib yuborishi mumkin edi. Shafqatsiz notenglik sharoitida mahalliy aholida «kelgindi» polyaklarga qarshi nafrat shakllanadi.