Jahon | 10:23 / 24.07.2023
9066
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina g‘allasining eksporti NATO-Ukraina kengashida muhokama qilinadi

Ukraina va NATO 26 iyul kuni elchilar darajasida Rossiyaning «g‘alla bitimi»dan chiqishi oqibatlarini muhokama qiladi.

Foto: Artur Widak/NurPhoto via Getty Images

Ukraina-NATO kengashining yig‘ilishi 26 iyul kuni bo‘lib o‘tadi va uning mavzusi «g‘alla bitimi» tugaganidan keyin Ukraina donini eksport qilish bo‘ladi. Bu haqda Belgiyaning RTBF telekanali 23 iyul, yakshanba kuni NATO vakiliga tayanib xabar bermoqda.

Kengash Ukraina tomonining iltimosiga binoan chaqiriladi. Uchrashuv elchilar darajasida bo‘lib o‘tadi. Maqsad «so‘nggi voqealar bo‘yicha maslahatlashish va Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali tashishni muhokama qilish», dedi blok matbuot kotibi Oana Lungesku. 

Shu hafta boshida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Rossiyaning g‘alla bitimidan chiqishi haqida telefon orqali suhbatlashdi. «Biz Moskvaning oziq-ovqatdan harbiy qurol sifatida foydalanishga urinishini keskin qoralaymiz. Ittifoqchilar qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha Ukraina bilan birga bo‘ladi», - deb yozdi Stoltenberg muzokaralardan so‘ng. 

Zelenskiy suhbatni izohlar ekan, Stoltenberg bilan NATO Vilnyusdagi sammiti chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qilganini aytdi. «Biz Qora dengizdagi mavjud vaziyat va uning global oziq-ovqat xavfsizligi uchun yuzaga keladigan xavf-xatarlari haqida o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Qora dengiz don yo‘lagi blokadasini ochish va barqaror ishlashi uchun zarur bo‘lgan ustuvor va kelajakdagi qadamlar belgilab olindi», - dedi Zelenskiy. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid