DW xabariga koʻra, Putin bu haqda 22-oktabrda eʼlon qilingan, Rossiya davlat mediaholdingi VGTRK jurnalisti Pavel Zarubinga bergan intervyusida gapirgan.
U AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuvda Vashington vositachiligida Kiev bilan muloqotni tiklashga rozi boʻlganini aytgan. Putinning taʼkidlashicha, muzokaralar qisqa muddatli harbiy tanaffusga emas, yakuniy tinchlik kelishuvidan keyin Ukraina va Rossiya xavfsizligini taʼminlash masalalariga qaratilishi kerak.
«Biz shu maqsadga erishish uchun ushbu aloqalarni qayta boshlashga tayyormiz», - degan Rossiya prezidenti.
Biroq Moskva muzokaralarda qaysi darajadagi vakillar ishtirok etishini ochiqlamagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvda urushni tugatish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.
Kreml avval bunday uchrashuvni rad etgan yoki Kiev qabul qilmagan shartlarni, jumladan, Zelenskiyning Moskvaga kelishini taklif qilgan edi.
Putin va Uitkoff uchrashuvidan bir necha soat oʻtib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Amerika tomoni olib kelgan takliflar Moskvani toʻliq qoniqtirmasligini aytgan.
Intervyuda Putindan Zelenskiyning janglarni hozirgi front chizigʻi boʻyicha toʻxtatishga tayyorligi haqida ham soʻralgan. Rossiya prezidenti bu gʻoyaga rozilik bildirish oʻrniga: «Bu ularning hududi emas, bu tarixiy Rossiya hududi», - deb javob bergan.
Avvalroq OAV Donald Tramp ham 2025-yilda, Putin bilan Ankorijdagi uchrashuvidan oldin, janglarni amaldagi front chizigʻi boʻyicha toʻxtatish gʻoyasini qoʻllaganini xabar qilgan edi. Biroq bu Rossiya rahbariyatining Ukraina qoʻshinlarini butun Donbassdan olib chiqish talabi bilan mos kelmaydi.
Putin Rossiya «urishishni istamasligi»ni ham daʼvo qilib, janglar davom etayotgani uchun masʼuliyatni Kiev zimmasiga yuklagan. U ruslar va ukrainlar «bir xalq» ekanini aytgan va buni goʻyo genetik tadqiqotlar tasdiqlashini bildirgan. Intervyuda mazkur tadqiqotlarga aniq havola keltirilmagan.
Ayni paytda, DW qayd etishicha, Putinning Uitkoff bilan uchrashuvidan keyin ham Rossiyaning Ukrainaga hujumlari davom etgan.

















