“Yo‘l uchun bir dona daraxt kesilishiga ham, ko‘chirilishiga ham qarshimiz” - Ekologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i
28 iyul kuni AOKA majlislar zalida Ekologiya vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri tomonidan Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida qurilishi rejalangan avtomobil yo‘llari sabab kesilish xavfi ostida qolayotgan 70 mingga yaqin daraxt masalasida vazirlik boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqovdan izoh so‘raldi.
— Shu kunlarda Buxoro va Surxondaryo viloyatida avtomobil yo‘llari qurilishi uchun 70 mingga yaqin daraxt kesilishi haqida xabarlar yuribdi va bu ko‘pchilikning xavotiriga, e’tiroziga sabab bo‘lyapti. Mana shu yo‘l loyihasi haqida gapirsangiz. U qaysi tashkilot tomonidan qilingan? Bunda nega daraxtlar masalasi inobatga olinmagan va vazirlik bunga qanday munosabat bildiradi?
— Rostdan hozirda dolzarb bo‘lgan masala bu. Loyiha bo‘yicha yo‘l Qashqadaryoning G‘uzor tumanidan boshlanib Qozog‘istonning Benov shahrigacha bo‘ladi, ya’ni A-380 trassasi haqida gap ketyapti. Loyiha bo‘lgach, vazirlik daraxtlarni xatlovdan o‘tkazgan. Buxoro viloyati hududida 31 mingta daraxt kesilishi mo‘ljallangan bo‘lsa, shularning 30 mingtasi saksovulga to‘g‘ri keladi. Vazirlik bunga rad javobini bergan va joylardagi nazoratchilarimiz qattiq nazoratga olgan. Loyiha bo‘ldi degani hali kesiladi deganimas. Prezident qarori va vazirimiz ko‘rsatmalari bilan daraxtlarni noqonuniy kesish og‘ir jinoyatlar turiga o‘tkazildi. Bu narsadan boshqa tashkilot mutasaddilarining ham xabari bor va oqibati qanday bo‘lishini bilishadi.
Daraxtlarni kesish haqida umuman gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Juda zarur bo‘lgan paytda ham ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti qo‘llanishi mumkin. 24 iyul kuni loyiha rahbari bilan gaplashdik. Bu loyiha Xitoy bankidan kridet olinib moliyalashtirilyapti ekan. Uchrashuvda dushanba kunidan ishchi guruh borib joylarni o‘rganib, daraxtlarni saqlab qoladigan tarzda loyihani qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
— Buxoroda aksariyat saksovul bo‘lsa-da (lekin u ham yashillik va kesilishiga qarshimiz), Surxondaryoda aynan daraxtlar kesilishi kutilyapti. Bu holatga qanday izoh berasiz?
— Surxondaryoda 21 ming 800 ta daraxt kesilish rejasiga tushgan. Bandixon, Boysun tumanlari hududiga to‘g‘ri keladi bu. Bu daraxtlar ham o‘rganilib chiqilgan va umuman kesishga ruxsat berilmaydi. Maksimal tarzda daraxtlarni saqlab qolishga harakat qilamiz. Loyihani qayta ko‘rib chiqish taklifi berildi.
— Buxoro ham, Surxondaryo ham ekologik jihatdan og‘ir hududlar. Maksimal saqlab qolish emas, umuman kesilmasligiga harakat qilish kerakmasmi?
— Daraxtlar kesilishi va ko‘chirilishiga umuman qarshimiz — vazirlik pozitsiyasi shu. Kesishga ruxsat berilmasligi aniq, faqat ko‘chirishga ruxsat berish mumkin.
— Ammo tajribada ko‘rdikki, ko‘chirilgan daraxtlar qurib qolyapti. Bu usul yordam bermaydi.
— Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarorida ko‘chirib o‘tkazish tartiblari belgilangan. Unga ko‘ra, ilmiy asoslar bilan vegetatsiya jarayonida ko‘chirilishi kerak. Yashnobod tumanida metro qurilishida ko‘chirilgan daraxtlarning 80 foizdan ortig‘i saqlab qolindi. To‘g‘ri, saqlab qolinmagan holatlar ham bor. Daraxtlar ko‘chirilgandan keyin ko‘chirgan tashkilot 3 yil qarash majburiyatini oladi. To‘g‘ri yondashilib, ko‘chirilgan daraxtlar unib ketdi. Metro qurilishida ham qat’iy nazorat bilan ko‘chirish jarayonlari bo‘ldi. Yana qaytaramanki, ko‘chirishda barcha kerakli ishlarni qilish lozim bo‘ladi, shundagina natija bo‘ladi.
— Biz, jamoatchilik qandaydir iqtisodiy loyihalar uchun ekologiyani qurbon qilishga qarshimiz. Agar loyihada daraxtlar kesilishi to‘xtatilmasa, biz o‘sha yerga borib qarshilik qilishga tayyormiz. Shuning uchun mas’ul vazirlik sifatida kuchli qarshilik qilishlaringizni so‘raymiz.
— Biz ham ayni jamoatchilikka, jurnalist va blogerlarga tayanamiz bu borada. Masalani keng yoritishga harakat qilinadi va jamoatchilik eshituvi asosida ish ko‘riladi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024