Shu bilan birga, u Ukraina tomonidan yarimorolning ehtimoliy «ozod etilishi»ning aniq sanalarini aytmadi.

Ayni vaqtda, u Belarusda «Vagner» jangchilaridan hech qanday tahdid yo‘qligini, Rossiya qo‘shinlarining miqdoriy o‘sishi kuzatilmaganini ta’kidladi.

«Ular qancha bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shuncha. Lekin safarbarlik ular ko‘rgan yo‘qotishlarni doimiy ravishda to‘ldirishga imkon beryapti», deb ta’kidladi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i.

Ukraina Qrim va Kerch ko‘prigiga hujum qilishda davom etadi, deya ma’lum qilgandi avvalroq mamlakat mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov.

«Bu nishonlarning barchasi qonuniy, chunki bu Rossiyaning bizga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi va ukrainaliklarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi», dedi u CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Ukraina ko‘prikni butunlay vayron qilmoqchimi, degan savolga Reznikov dushman logistika liniyalarini yo‘q qilishni ularni ko‘proq o‘q-dorilar, yoqilg‘i va oziq-ovqat olish imkoniyatidan mahrum qilish uchun mo‘ljallangan «oddiy taktika» deb atadi.

«Shuning uchun biz ularga qarshi bu taktikani qo‘llaymiz», - deya qo‘shimcha qildi Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari.

Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tgan ko‘prikda navbatdagi portlashlar 17 iyul kuni sodir bo‘ldi. OAV xabariga ko‘ra, hujumni Ukraina Xavfsizlik xizmati Ukraina dengiz floti bilan birgalikda uyushtirgan.