O‘tgan qishda poytaxt Toshkentdagi elektr uzatish bilan bog‘liq muammolar ortidan shaharni uzluksiz elektr bilan ta’minlash masalasi yuzaga chiqdi. Shundan so‘ng bir necha oyki, Toshkentning istalgan qismida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr kabellari yotqizish uchun ko‘chalar qazilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Kun.uz’ga kelgan murojaatda Yashnobod tumanidagi 2 oydan beri sekinlashib qolgan xuddi shunday qazish ishlari natijasida hududdagi daraxt ildizlariga ziyon yetkazilayotganidan xavotir bildirilgan.

Ildizlar chopilgan, ishlar to‘xtab qolgan

Yashnobod tumanining Elbek ko‘chasiga yetib borganimizda haqiqatan ham 1 kmga yaqin hudud elektr kabellari yotqizish uchun qazilgani, chuqurlarda maxsus himoya betonlari o‘rnatilgani, ammo ish kuni, ertalabki soat 11 lar atrofi bo‘lishiga qaramasdan, bu yerda hech qanday ish olib borilmayotganiga guvoh bo‘ldik.

Murojaatda aytilganidek, o‘nlab daraxtlarning ildizlariga ziyon ham yetgan. Masala esa bu ziyonning daraxtlar kelajagi uchun qanchalik xavfli ekanligida.

E’tiroz va munosabat

“Bahorda boshlangan ishlar, mana yoz kelibdiki, tugagani yo‘q. Qazib tashlangan joylar shu ahvolda yotibdi. Odamlar chuqurga chiqindi ham tashlashmoqda. Oldin daraxtlar tagiga suv quyib ketishardi. Hozir bu yerlar kovlanganiga tashlandiq bo‘lib qolib, daraxtlarimiz qurib ketyapti”, deydi shu yerga yaqin xonadonlarda yashovchi onaxon.

Bunga javoban Yashnobod tumani Ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Bahodir Umarov shunday dedi:

—  Har bir daraxt nihollargacha e’tiborimizda. Kovlangan hududda suv sepish mashinasi kirib bo‘lmaydigan joylarga ishchilarmiz chelaklab suv tashib, daraxtlarni sug‘orishyapti. Daraxtlarga hech qanday xavf yo‘q. Agar bo‘lganda 2 oy emas, bir haftaga bormasdan daraxtlar qurib qolgan bo‘lardi.