Ukraina janubidagi qarshi hujumga javobgar bo‘lgan «Tavriya» tezkor-strategik kuchlar guruhi qo‘mondoni general Oleksandr Tarnavskiyning aytishicha, Rossiya bir necha qator mudofaa chiziqlarini va minalangan maydonlarni qurgan, bu esa harbiy texnika, jumladan G‘arb tanklari va zirhli transportyorlarining (BTR) oldinga siljishiga to‘sqinlik qilmoqda.

«Aksariyat vazifalarni piyodalar bajarishiga to‘g‘ri kelyapti», deydi general.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Ukraina qo‘shinlarining tezkorlik bilan oldinga siljishiga imkon bermay, professional xislatlarini namoyish etmoqda.

«Men dushmanga past baho bermayman», deya qo‘shimcha qilgan general Tarnavskiy.

G‘arb tomonidan yetkazib berilgan tanklar va zirhli mashinalar vaziyatni Ukraina foydasiga burishi mumkinligiga dalillar hozircha kam.

Qarshi hujumning dastlabki kunlarida Zaporijjya oblastidagi Orixiv shahri yaqinida bir nechta Leopard tanklari va AQShning Bradley jangovar mashinalari ishdan chiqarilgan yoki yo‘q qilingan.

Rossiya pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun asosan g‘arblik ittifoqchilar tomonidan o‘qitilgan va qurollantirilgan Ukraina qo‘shinlarining 47-brigadasi tez orada minalangan maydonlar, keyin esa artilleriya o‘qlari yordamida to‘xtatildi.

Rossiya Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidlab, dalil sifatida bir nechta video keltirdi. Ammo bu hal qiluvchi zarba emas, balki birinchi muvaffaqiyatsizlik edi.

Rossiya mudofaa vazirligi qarshi hujumning ilk kunlarida yo‘q qilingan tanklar aks etgan kadrlarni namoyish qilgan. Foto: RUSSIAN DEFENSE MINISTRY

BBC jurnalistlari 47-brigadaning front chizig‘i ortidagi o‘rmonga yashiringan dala ustaxonasiga tashrif buyurgan, u yerda o‘ndan ortiq zirhli mashinalar, asosan AQShning Bradley mashinalarini ta’mirlashga harakat qilishmoqda.

Bu mashinalar armiya ixtiyoriga yetib kelganda, ularda hech qanday tirnalish ham yo‘q edi. Hozirda esa ular jangovar chandiqlar bilan qoplangan.

Uzilgan gusenitsalar, burishib qolgan temir g‘ildiraklar bir nechta jangovar mashina Rossiya minalarida portlab ketganidan dalolat beradi.