Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunlarning eng asosiy transfer xabarlari dayjesti.

Keyn «Bavariya» o‘tmoqda

Harri Keyn. Foto: CHARLIE CROWHURST/GETTY IMAGES

Here we go! Harri Keyn «Bavariya»ga o‘tishga rozilik berdi. 

10 avgust kuni tongda The Athletic nashri nemislar klubi hujumchi transferi bo‘yicha nihoyat «Tottenhem» bilan kelishib olgani haqida yozdi. Britaniyalik jurnalistlar Germaniyadagi manbalariga tayangan holda «Bavariya»ning 100 mln yevrodan ko‘proq miqdordagi transfer taklifini qabul qilganini aytishdi. Shundan so‘ng 30 yoshli forvardning yakuniy qarori kutilayotgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «shporlar» forvard uchun 100 million yevro oladi, yana 20 million yevro miqdorida bonuslar ko‘zda tutilgan. 30 yoshli angliyalik futbolchi myunxenliklar klubi bilan 4 yillik shartnoma imzolaydi. Bugun u Germaniyaga yo‘l olib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. 

Insayder Florian Plettenbergga ko‘ra, Keyn «Bavariya» safida 12 avgust kuni Germaniya Superkubogi uchun «RB Leypsig» klubiga qarshi kechadigan o‘yindayoq maydonga tushishni istamoqda.

APLda transfer rekordi yangilanishi mumkin

«Liverpul» «Brayton» yarimhimoyachisi Moyses Kaysedo uchun 127 million yevro (110 million funt sterling) miqdorida taklif bergani haqida bir vaqtda ikki ishonchli manba xabar berdi — The Athletic nashri va insayder Fabritsio Romano.

Bundan oldinroq «Chelsi» 100 million funt sterling taklif qilgandi, «Brayton» esa kattaroq taklifni qabul qilgan va barchasi reja bo‘yicha kechsa, transfer 11 avgust kuniyoq e’lon qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, Romanoning oxirgi xabariga ko‘ra, Moyzes Kaysedo «Liverpul»ga faqat «Chelsi»ga o‘tishni istashini bildirgan. U bu orqali o‘z so‘zida turmoqchi, chunki «Chelsi» bilan may oyi oxiridayoq shaxsiy shartnomani kelishib qo‘ygandi.

Endilikda «Chelsi» «Brayton»ni ko‘ndirish uchun yangi taklif yuborishi kutilmoqda.

Bu transfer amalga oshsa, Angliya klublarining Enso Fernandes transferida o‘rnatilgan rekord yangilanadi, «Chelsi» qishda «Benfika» havbeki uchun 121 million yevro to‘lagandi.