Buxoro shahrida 11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda jahonda energiya resurslarini tejash masalasining dolzarbligi tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratildi.

«Shu bois yurtimizda «yashil energetika»ni rivojlantirish va iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha katta marralar olingan.

Energiya ta’minotidagi defitsitni to‘liq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda o‘rganishlar o‘tkazildi. Shu asosda 4,5 milliard kub metr gaz va 7,5 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda ko‘p hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija bo‘lmagani, rahbarlari esa «so‘rov bo‘lmayapti» deb, bu vazifalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ta’kidlandi.

Xususan, Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 million kub metr, Toshkent shahri 19 million, Samarqand 13 million, Xorazm 3,5 million kub metr gazni ko‘p iste’mol qilgan.

Elektr bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan.

Energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yil boshidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha katta dastur boshlangan. O‘tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha obektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik obektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o‘rnatildi. Bu borada Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada ishlar to‘g‘ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha obektlarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yillik reja bajarildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy obektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish O‘rta Chirchiqda atigi 5 foizni, Bo‘ka tumanida 10 foiz, Bo‘zatov va Piskentda 15 foiz, Nurota va Yangihayot tumanlarida 20 foizni tashkil qildi.