Ekvador vitse-prezidentligiga nomzod Andrea Gonsales Nader shu hafta boshida o‘ldirilgan prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisensio o‘rnini egallaydi. Ular birgalikda «Construye» siyosiy harakatidan saylovda ishtirok etayotgan edi.
Qayd qilinishicha, Vilyavisensioning o‘zi saylovda ishtirok etolmagan taqdirda o‘rnini Nader egallashini xohlagan. «Construye» rahbariyati uning qarorini tasdiqlagan. Vitse-prezidentlikka yangi nomzodning ismi keyinroq e’lon qilinadi.
Fernando Vilyavisensio 9 avgust kuni Ekvador poytaxti Kito shahrida bo‘lib o‘tgan mitingdan keyin otib o‘ldirildi. Shundan so‘ng, Ekvadorning amaldagi prezidenti Gilermo Lasso davlat miqyosida favqulodda holat e’lon qildi.











