O‘zbekiston | 12:22 / 15.08.2023
1043
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi nafas” ommaviy yugurishi musobaqasi bilan nishonlanadi

3 sentabr kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda turli yoshdagi havaskor va professional sportchilar hamda sog‘lom turmush tarzi ixlosmandlari mamlakatimizning aziz bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan keng ko‘lamli sport harakatiga qo‘shilishlari mumkin bo‘ladi.

Mustaqillikning 32 yilligi Toshkent, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, G‘uzor, Xiva va Nukusda “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bilan nishonlanadi. Poytaxtda yuguruvchilarga 3 va 10 kilometrga teng bo‘lgan ikki xil masofa, boshqa shaharlarda esa 3 kilometrlik bitta masofa taqdim etiladi.

“Yangi nafas” yugurish musobaqasining rasmiy shiori – “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” mamlakatimizning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan har bir fuqarosini birlashtirgan holda, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini nishonlash jarayonidagi kayfiyat va umumiy muhitni yanada aniqroq aks ettiradi.

Ta’kidlash joizki, an’anaviy tarzda muhim davlat sanalari va xalqaro sport tadbirlariga bag‘ishlab tashkil etilayotgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi qarori doirasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish hamda aholini faol turmush tarziga jalb etish maqsadida qabul qilingan keng ko‘lamli davlat dasturining ijrosiga yaqqol misol bo‘la oladi. Maqsadli davlat dasturi aholini bosqichma-bosqich faollashtirib, hamma darajalarda salomatlikni mustahkamlash va hayot sifatini oshirish masalalariga e’tiborni qaratdi.

“Yangi nafas” ijtimoiy loyihasini hayotga tatbiq etishning uch yili davomida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda 700 ming nafardan ortiq odam ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shilib, sport tadbirlarida faol ishtirok etishda davom etmoqdalar. “Yangi nafas” loyihasi “Save Aral”, “Men g‘olib”, “Vatan qalqoni” ommaviy yugurish musobaqalari bilan hamkorlikda yosh avlodda ham, kattalarda ham yengil atletikaga qiziqishni yangi bosqichga ko‘tardi.

Reklama

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid