Jahon | 07:51 / 17.08.2023
3931
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Rossiyada sudlangan Pol Uilan bilan suhbatlashdi

Entoni Blinken Rossiyada josuslikda ayblanib sudlangan amerikalikni tezroq uyga qaytarish uchun harakat qilishiga ishontirdi, deb xabar bermoqda CNN.

Pol Uilan / Foto: CNN

16 avgust, chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyada ayg‘oqchilikda ayblangan amerikalik Pol Uilan bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda CNN o‘z manbasiga tayanib. Bu ma’lumotni Reuters manbasi ham tasdiqladi. 

Blinken Uilanni «umidni saqlab qolishga» chaqirdi va Vashington «uni imkon qadar tezroq uyga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini» ta’kidladi, dedi CNN manbasi. Mahkumning ukasi Devid Uilan, o‘z navbatida, telekanalga ota-onasi bilan suhbatda Pol Uilan AQSh diplomatiyasi rahbari bilan «uzoq va samimiy» suhbat haqida gapirganini aytdi. Boshqa tafsilotlar oshkor etilmayapti. 

Bu Blinkenning Mordoviyadagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Uilanga to‘rt yildan ortiq vaqt ichida ikkinchi marta qo‘ng‘iroq qilishidir, deydi CNN manbalari. Birinchi suhbat 2022 yil 30 dekabrda bo‘lib o‘tgan. 

Pol Uilan ishi 

Sobiq dengiz piyoda askari Pol Uilan 2018 yilning dekabrida Moskvada qo‘lga olingan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining ta’kidlashicha, qo‘lga olish vaqtida undan maxfiy ma’lumotlar yozilgan fleshka topilgan. 2020 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarosi josuslik ishi bo‘yicha 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Uilan aybini tan olmadi. 

AQSh Davlat departamenti Uilanga Rossiyada «noqonuniy ushlab turilgan shaxs» maqomini berdi. Bu Vashingtonga uni ozod qilish uchun qo‘shimcha mexanizmlardan foydalanish, jumladan, almashinuv bo‘yicha muzokaralar olib borishga imkon yaratadi. 

Mavzuga oid

E`lonlar