Asli rossiyalik Shvetsiya fuqarosi Sergey Skvorsovga o‘n yil davomida Rossiya harbiy razvedkasi uchun ma’lumot to‘plash ayblovi qo‘yildi. Shvetsiya prokuraturasining 28 avgust, dushanba kuni ma’lum qilishicha, 60 yoshli Skvorsov «Shvetsiya va xorijiy davlatga qarshi yirik miqyosdagi noqonuniy razvedka faoliyatida» ayblanmoqda.
Skvorsov va uning rafiqasi o‘tgan yil noyabr oyida Stokholm chekkasida politsiya maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan edi. Shvetsiya matbuotiga ko‘ra, operatsiyaga ikkita Black Hawk vertolyoti jalb qilingan. Skvorsov ushlanganidan beri hibsda saqlanmoqda. U o‘z aybini rad etyapti. Uning rafiqasi surishtiruvdan so‘ng hech qanday ayblovsiz qo‘yib yuborilgan.
Rossiya harbiy razvedkasi uchun josuslik
AP agentligi ayblov xulosasining nusxasini keltirdi, unda aytilishicha, Skvorsov 2014 yil 1 iyuldan 2022 yil noyabrigacha «maxfiy va firibgarlik vositalaridan foydalangan holda Rossiya davlati manfaatlari yo‘lida ma’lumot olish maqsadida faoliyat olib borgan, bu xorijiy kuch Shvetsiya uchun xavf yaratishi mumkin bo‘lgan».
Prokurorlarga ko‘ra, Skvorsov o‘zining import-eksport biznesidan noqonuniy ravishda ma’lumot olish va «GRU»ga topshirish uchun foydalangan. Shuningdek, u «Rossiya davlati va harbiylari uchun sanksiyalar tufayli ochiq bozorda olish imkoni bo‘lmagan turli buyumlar»ni qanday olish mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni to‘plagan.
Sergey Skvorsov Shvetsiyada 25 yildan beri yashab kelgan. 2012 yilda u Shvetsiya fuqaroligini oldi. Uning sud jarayoni 4 sentabrda boshlanadi. Guvohlardan biri sifatida Skvorsovning faoliyati AQSh xavfsizligiga qanday tahdid solgani va turli Amerika kompaniyalari bilan hamkorligini tasdiqlash uchun FTB agenti chaqirilgan.









