General Richard Berrons 2013-2016 yillarda Buyuk Britaniya qurolli kuchlarining Birlashgan qo‘mondonligi (hozir – Strategik qo‘mondonlik) boshlig‘i bo‘lgan. U shuningdek, Afg‘oniston, Kosovo va Iroqdagi tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etgan. BBC Ukraina xizmati muxbiri Ireni Taranyukka bergan intervyusida iste’fodagi zobit ukrain armiyasi va uning qarshi hujumi borasidagi fikrlarini bildirdi.

Britaniyalik generalning fikricha, 2014 yilda RF Qrimga bostirib kirganida Ukraina shimoliy qo‘shnisining keng ko‘lamli tajovuzining oldini olish uchun yetarlicha qurol olmagani tufayli G‘arbning siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragan deyish mumkin.

«G‘arb harbiy yordamni juda kechikib yetkazib berishni boshladi», – deb hisoblaydi Berrons.

Ammo, 2022 yil fevralidan G‘arb Ukraina armiyasi uchun o‘z qurol va o‘q-dori zaxiralarini ishga solib, qat’iy va tezkorlik bilan harakat qila boshladi.

Ammo g‘arblik ittifoqchilar Ukraina qurolli kuchlariga yordamni «o‘sib boruvchi shkala bo‘yicha» ko‘rsatishga qaror qildi. Bu G‘arbdagilarning urush har qanday holatda ham Ukraina hududidan tashqariga chiqib, Rossiya va NATO o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aylanishining oldini olish istagi bilan bog‘liq.

«Raketa tizimlari va qanotli raketalarni yetkazib berishni boshlashgacha qancha vaqt talab etilgani ham shundan guvohlik beradi, – deydi general. – Va shuning uchun hozirgi vaziyat yuzaga keldi – Ukraina rossiyaliklarning keyingi okkupatsiyasini to‘xtatish uchun yetarlicha texnika, o‘q-dorilar, tayyorgarlik va pulga ega bo‘lgan holatda. Bu [yordam ko‘rsatish] o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetganga o‘xshamoqda, Ukraina kuchlari esa jang maydonida kichik taktik g‘alabalarni qo‘lga kiritish bilan kifoyalandi».

Ekspertning prognoz qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari hozirgi qarshi hujumda hal qiluvchi nuqtaga yetib bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Ammo ular qish kirgunigacha jang maydonida katta muvaffaqiyatlarga erishgan taqdirda ham, bu Rossiyani Ukrainadan haydab chiqarish uchun yetarli bo‘lmaydi. Ya’ni, hozirgi imkoniyatlar yutqazmaslik uchun, vaziyat yanada og‘irlashmasligi uchun yetarli – ammo g‘alaba qozonish uchun yetarli emas».

Berronsning qayd etishicha, hozirda g‘arb harbiy yordamning uchinchi bosqichiga yetib keldi. Bu «tanlash bosqichi»: G‘arb Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam beradimi – uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, o‘qitish va pul berishda davom etadimi – yoki yo‘q?