Bu davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, u 2020 yildan buyon G‘arbiy va Markaziy Afrikada amalga oshirilgan sakkizinchi to‘ntarishga aylanadi.

Bir oygina oldin Nigerda ham harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgandi.

2022 yilda Burkina-Fasoda ikki marta davlat to‘ntarishi ro‘y bergan, shuningdek Gvineya-Bisau, Gambiya hamda San-Tome va Prinsipi orol davlatida davlat to‘ntarishiga muvaffaqiyatsiz urinishlar bo‘lib o‘tgandi.

2021 yilda Afrika mamlakatlari olti bor davlat to‘ntarishiga urinishni boshdan kechirgan, shundan to‘rttasi muvaffaqiyatli chiqqandi.

O‘tgan yili Afrika ittifoqining yuqori martabali mulozimi Mussa Faki Mahamat «hukumat konstitutsiyaga zid ravishda almashishi an’anasi tiklanayotgani»dan xavotir bildirgandi.

Davlat to‘ntarishimi yoki yo‘q?

BBC’ning Nayrobidagi muxbiri Piter Mvaining qayd etishicha, Afrikaning ayrim regionlarida mustaqillikka erishilgandan keyingi o‘n yillar mobaynida harbiy to‘ntarishlar odatiy holatga aylangan. Keyin nisbatan barqarorlik davri kuzatiladi, ammo so‘nggi yillarda ularning soni yana o‘sa boshladi.

Davlat to‘ntarishini harbiy yoki fuqarolikdagi mulozimlarning amaldagi davlat rahbarlarini lavozimidan chetlatishga bo‘lgan noqonuniy va oshkora urinishi sifatida ta’riflash mumkin.

Amerikalik olimlar Jonatan Pauell va Kleyton Tayn tomonidan olib borilgan tadqiqotda aniqlanishicha, Afrikada 1950-yillardan buyon bu kabi 200 dan ortiq urinishlar kuzatilgan.

Ularning taxminan yarmi muvaffaqiyatli chiqqan.

Ba’zida davlat to‘ntarishi ishtirokchilari bu aynan davlat to‘ntarishi ekanini inkor etishadi.

Foto: Getty Images

2017 yilda Zimbabveda harbiy davlat to‘ntarishi natijasida Robert Mugabening 37 yillik boshqaruviga barham berilgandi. Ammo isyonchilarning yetakchilaridan biri, general-mayor Sibusiso Moyo televideniye orqali chiqishida bu harbiy davlat to‘ntarishi ekanini qat’iyan rad etgandi.

2021 yil aprelida Chad rahbari Idrissa Debining o‘limidan keyin armiya uning o‘g‘lini vaqtincha prezident deb e’lon qilishgan, u o‘tish davridagi harbiy kengashga rahbarlik qilgandi. Uning muxoliflari esa buni «sulolaviy to‘ntarish» deb atashgandi.