Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan 5 yil davomida davlat xizmatlari sohasini isloh qilishga qaratilgan 20 ga yaqin prezident hujjatlari va 170 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingan va bu tizimda katta o‘sishga olib kelgan.
“Natijada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi modernizatsiya qilingan: 2018 yil Davlat xizmatlari markazlari faoliyat boshlagan paytda dastlab 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 310 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
2018 yilda kuniga o‘rtacha 15-17 ming fuqaro Davlat xizmatlari markazlarida xizmatlardan foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 70-75 mingni tashkil etmoqda. Ayrim xizmatlar natijalarini olish uchun kelgan fuqarolar bilan qo‘shib hisoblaganda tashrif buyuruvchilar soni 100-115 mingni tashkil etadi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hozirga qadar 52 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Eng e’tiborlisi, Davlat xizmatlari markazlarida ish hajmi qariyb 4 baravarga ko‘paygan bo‘lsa-da, xodimlar soni ko‘paytirilmadi”, — deydi Meliyev.

Bundan tashqari tezkorlikni oshirish maqsadida, xizmatlar “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratilgani navbatda turish vaqtini sezilarli darajada qisqartirdi. Ushbu tartib Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida joriy etilgan. Fuqarolar ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, davlat xizmatlaridan eksterritorial tamoyil bo‘yicha foydalanish imkoniyatining yaratilgani ham foydalanuvchilar sonini oshishiga va qulaylikka olib keldi.
«Yevropa Ittifoqi hamda BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida DXMga tashrif buyuruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, fuqarolarning 90 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilib, markaz xodimlari faoliyatini a’lo baholagan».
Vazir o‘rinbosari fuqarolar DXM faoliyatidan qoniqish darajasi yuqoriligi o‘zlariga bildirilayotgan ishonch va mas’uliyat deb baholagan. Ma’lum bo‘lishicha, yil oxirigacha ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kamida 350 taga, kelgusi yil oxiriga qadar 450 taga yetkazishga harakat qilinmoqda.
Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonining oshishi bir qator risklar, xususan, murojaatchilar ko‘payishi hamda xizmatdan foydalanishda kutish vaqtining ortib borishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, o‘z navbatida markaz xodimlarining ish yuklamasi yanada ortishiga olib keladi. Meliyevga ko‘ra, bunda foydalanuvchilar uchun maksimal qulayliklar yaratish uchun quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat kuchaytirilmoqda:















