Kiyevning harbiy samolyotlarga bölgan ehtiyoji ğarb davlatlari hozirgaça va’da qilganidan ança yuqori. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 31 avgust, payşanba kuni e’lon qilingan Portugaliyaning RTP ommaviy-huquqiy telekanaliga bergan intervyusida aytib ötdi. «Ukrainaga qudratli harbiy-havo kuçlari uçun jami 160 ga yaqin jangovar samolyot kerak», dedi Zelenskiy. 

Bu - Ukraina Qurolli kuçlariga yana 100 ga yaqin samolyot kerak, degani. Agar ular taqdim etilsa, bu Rossiyani Ukraina havo hududida hukmronlik qiliş imkoniyatidan mahrum etadi, deya qöşimça qildi Volodimir Zelenskiy. Unga köra, Ukrainaga «50 yoki 60 ta» F-16 qiruvçi samolyotlari va’da qilingan. 

Zelenskiy ikkinçi muddatga saylanişga tayyor 

Bundan taşqari, Zelenskiy navbatdagi prezidentlik saylovlarida ikkinçi muddatga öz nomzodini qöyişga tayyorligini ma’lum qildi. «2024 yilda uruş davom etsa va saylovlar ötkazilsa, men heç qaçon öz vatanimni taşlab ketmayman. Öylaymanki, jahon demokratiyasi bizni qöllab-quvvatlaydi», - deydi u. Şu bilan birga, Ukraina prezidenti Ukraina qonunçiligiga muvofiq harbiy holat şaroitida saylovlar ötkaziş mumkin emasligini eslatib ötdi, biroq qonun özgarişi ehtimolini rad etmadi. Şu bilan birga, u saylovlar töliq Ukraina hududida ötkazilişi va xorijdagi ukrainaliklarning ovoz berişini ta’minlaş zarurligiga işora qildi. «Men hamma narsa qonuniy va şaffof bölişini istayman», - dedi Ukraina davlati rahbari. 

Avvalroq Volodimir Zelenskiy uruş tugaguniga qadar saylovlar Ğarb tomonidan moliyalaştirilgan taqdirdagina ötkazilişi mumkinligini aytgan edi. Bundan taşqari, u bir qator qiyinçiliklarni, xususan, harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarda mustaqil monitoring bilan boğliq masalalarni sanab ötdi.

Daniya, Niderlandiya va Norvegiya Ukrainaga önlab F-16 qiruvçi samolyotlarini taqdim etişga va’da berdi. Bundan taşqari, bir qança ğarb davlatlari ukrainalik uçuvçilar va harbiy aviatsiyaga texnik xizmat körsatiş böyiça mutaxassislarni tayyorlamoqda.