Mustaqillik tantanalari, bayram oldidan e’lon qilingan afv, Surxondaryoda maktab direktoriga hujum va boshqa voqealar — Kun.uz dayjestida.

Mustaqillikning 32 yillik tantanalari

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilgan bayram tantanalarida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini qutlab, nutq so‘zladi.

Prezident mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan qatorda hali oldimizda turgan, hal etilishini kutib yotgan vazifalarni ham tilga oldi. Jumladan, ekologik muammolar va suv tanqisligi haqida gapirdi.

«Bizning vazifamiz — har ikki yo‘nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar — bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz zarur.

Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun «yashil» va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi», — dedi davlat rahbari.

Prezident o‘z nutqida qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilashning ahamiyatiga ham urg‘u berdi.

«Biz — nizolarni urush bilan emas, tinchlik bilan hal etish yo‘lini tanlaydigan xalqmiz. Biz barcha xalqlar bilan hamisha murosai madora, do‘stlik va hamkorlikda yashab kelganmiz. Bugungi taraqqiyot yo‘limizda ham aynan shu tamoyillarga tayanamiz», — dedi prezident.

Prezident nutqida paxta siyosati Orol dengizini quritgani, iqtisodiyotni, ta’lim tizimini izdan chiqargani, oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetganini afsus bilan ta’kidladi.