O‘zbekiston | 10:58 / 07.09.2023
6349
5 daqiqa o‘qiladi

Savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur – Prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida ochilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, anjumanda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar qatnashyapti.

“Sizlarga yaxshi ma’lumki, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda.So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Afsuski, keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishiga sabab bo‘ldi. Bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr ko‘rmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda”, deydi prezident.

Bildirilishicha, O‘zbekiston BMT bosh kotibi Antonio Guterreshning 2021 yilda oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha global sammit o‘tkazish borasidagi tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Bugungi anjuman ana shu sammitning mantiqiy davomidir.

“Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, tashqi ta’sirlarga chidamli navlarini yaratish, chorva naslini yaxshilash o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan ilg‘or texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash ham dolzarb bo‘lib bormoqda.

Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerak. Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.

Biz eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz. Savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur”, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston zamini o‘zining qadimiy va boy dehqonchilik an’analari, g‘oyat xilma-xil, mazali va noyob qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi. Agrotarmoq iqtisodiyotdagi yetakchi sektorlardan biri bo‘lib, mehnatga layoqatli aholining 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi.

Mamlakatda qishloq xo‘jaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, qishloqda aholi hayot darajasini yaxshilash, xalqni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.

“Bizning yurtimizdan yetishib chiqqan, G‘arbda “Avitsenna” degan nom bilan shuhrat qozongan buyuk alloma Ibn Sino bobomiz o‘rta asrlardayoq “Kimki uzoq va sog‘lom hayot kechirishni istasa, avvalo, ovqatning sifati va miqdoriga e’tibor qaratsin”, deb ta’kidlaganlar. Albatta, dunyo aholisi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish – uzoq davom etadigan jarayon. Bu maqsadga erishishda barcha davlatlar hukumatlari, ishlab chiqaruvchilar, olimlar va tibbiyot xodimlari yaqin hamkorlikda ish olib borishlari lozim, deb hisoblaymiz.

Sizlar konferensiya davomida ana shunday muhim masalalar haqida atroflicha fikr almashib, global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi tashabbus va amaliy takliflarni ishlab chiqasiz, deb ishonaman”, deyiladi O‘zbekiston prezidentining murojaatida.

Mavzuga oid