1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSR va AQSh tomonidan fazoni zabt etish uchun poyga boshlanadi. Har ikki davlat tomonidan avvaliga turli hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlar koinotga chiqariladi. Keyin esa kosmik kemalar yasalib, ularda tirik jon uchiriladi.

SSSRda ilk parvoz itlar bilan o‘tkazilganda, AQShda maymun uchirishadi. 1961 yilda Gagarin fazoga parvoz qilgach, amerikaliklar ham odam uchirishga muvaffaq bo‘lishadi.

SSSR va AQSh o‘rtasida kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha raqobat davom etar ekan, har ikki davlat Oyni ham o‘zlashtirish harakatlarini boshlashadi.

Bu raqobatda avvaliga sovetlar ustunlik qilishgan. Ularning kosmik apparati bir necha marta Oy sirtiga qo‘ngan va oz miqdorda bo‘lsa ham undagi jismdan namuna olib tushgan.

Biroq keyinroq amerikaliklar Oyga odam uchirishgan va sovetlardan o‘zib ketishgan. O‘shanda astronavtlar Oy sirtiga tushishgan va undagi jinsdan namunalar olishgan.

Keyinchalik amerikalik astronavtlarning Oyga qo‘nganiga va uning sirtiga tushganiga «raqobatchi davlat» SSSR (keyinchalik Rossiya) mutaxassislari turli shubhalar bildirishadi.

Ularda aytilishicha, NASAning kosmik apparatlari Oyga yetgan, uning sirtiga ham qo‘ngan. Biroq amerikaliklar astronavtlar Oyga qo‘nmagan va uning sirtiga tushmagan. Amerikaliklar Oy sirtida bo‘lgani tasvirlangan kadrlar qaysidir cho‘lda olingan.

Sovet va Rossiya mutaxassislarining bu shubhalari amerikaliklar tomonidan rad etilgan. Biroq kosmosni tatbiq etuvchi xalqaro tashkilotlar, shu jumladan sovet ittifoqi ham amerikaliklarning oyda bo‘lganini tan olishgan.

Gap turli shubhalar haqida ketar ekan, hatto Gagarin parvoziga ham shubha bildiradiganlar bor. Biroq uning parvozi ham rasmiy ravishda xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan.

Foto: stock.adobe.com

Sovetlarning Oyni o‘zlashtirish uchun olib borgan tadqiqotlari

Sovetlar umumiy hisobda Oyga 30dan oshiq kosmik apparatlar uchirishgan. Ulardan bir qanchasi Oy sirtiga qo‘nib u yerdan fototasvirlar olgan. Boshqalari Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida uchishgan. Ba’zilari esa parvoz vaqtida «avariya» bo‘lishgan.