AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff 21-oktabr kuni ertalab Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sankt-Peterburgga uchib keldi. AQSH yana Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralar jarayonini qayta boshlashga harakat qilmoqda. Odatda bunday safarlarda Uitkoffga hamrohlik qiladigan AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner betobligi tufayli Rossiyaga kelmadi, ammo uchrashuvda videoaloqa orqali ishtirok etmoqda.
Pulkovo aeroportida Uitkoffni Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev kutib oldi. Putin bilan uchrashuv Moskva vaqti bilan tushga yaqin Konstantin saroyida boshlandi. Uning boshlanish qismi matbuot uchun ochiq edi. Uitkoff Putinga «dizel kelishuvi»ga rozi boʻlgani uchun minnatdorchilik bildirdi va Rossiya prezidenti uch tomonlama muzokaralarni qayta tiklash imkoniyatini koʻrib chiqishiga umid bildirdi. Bundan tashqari, u mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha «yondashuvlar bayon etilgan» hujjatlarni olib kelganini aytdi.
Putin esa Rossiya AQSH fuqarosi Stiven Habbardni ozod qilganini eʼlon qildi, u Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgan va Rossiya asirligiga tushgandan soʻng yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Putin va Uitkoff uchrashuvi qariyb uch soat davom etdi.
Oslodagi uchrashuv
Peterburgga kelishidan oldin Uitkoff Osloda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashgandi. Muzokaralarda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Sture, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, NATO, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Polsha vakillari ham ishtirok etgan. Kushner esa uchrashuvda masofadan qatnashgan.
Muzokaralar yakunida Stubb bu uchrashuv «ikki darajada haqiqiy oʻsishga erishish» imkonini berganini taʼkidladi: qisqa muddatli istiqbolda va kengroq kontekstda. Uning soʻzlariga koʻra, muhokamalar havo mudofaasi, energetika obyektlari va qisman oʻt ochishni toʻxtatish imkoniyati kabi asosiy masalalarni qamrab olgan.
Zelenskiy Ukraina va Gʻarbda «tinchlikka erishish boʻyicha aniq gʻoyalar» mavjudligini, ulardan biri «faqat yetakchilar hal qila oladigan masalalarni hal qilish uchun» Tramp, Putin va Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv tashkil etish ekanini taʼkidladi.
Moskvadagilar bungacha bir necha marta bunday formatdagi uchrashuvni faqat muzokaralarning soʻnggi bosqichida oʻtkazish mumkinligini bildirishgan. Tramp esa Oslodagi muzokaralardan keyin Putin va Zelenskiy ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarda «ikkisi bir xonada boʻlishi shart emasligi»ni aytib oʻtdi.

















