O‘zbekiston | 18:07 / 11.09.2023
10771
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarga tegishli quduqlarni suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiy emas - mutaxassis izohi

2024 yil 1 yanvardan boshlab, suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi. Biroq, fuqarolarga tegishli va sutkasiga 5 ming litrgacha suv olinadigan quduqlar bundan mustasno. 

Foto: uza.uz

Jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha (5 ming litrgacha) bo‘lgan miqdorda yer osti suvlarini olish uchun qazilgan quduqlarni suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiy emas. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Geologiya fanlari universiteti tasarrufidagi «Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti» davlat muassasasi rahbari Qodirjon Mingboyev ma’lum qildi.

«Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida, yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan belgilangan tartibda jihozlanishi shart. Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi. Bunda jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha (5 ming litrgacha) bo‘lgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno. Ya’ni, bunday quduqlarni suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiy emas», dedi mutaxassis.

Mingboyevning ta’kidlashicha, mazkur qaror bilan respublikada quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etiladigan, yer osti suvlari sathining pasayishi (5 m gacha va 5 m ortiq) va resurslarining kamayishi kuzatilayotgan quyidagi hududlar ro‘yxati ko‘rsatilgan: Navoiy viloyati (Nurota tumani), Samarqand viloyati (Nurobod, Payariq, Ishtixon, Urgut, Qo‘shrabot tumanlari), Jizzax viloyati (Forish, Zomin, Yangiobod, Sh.Rashidov tumanlari), Namangan viloyati (Kosonsoy, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq tumanlari), Farg‘ona viloyati (Beshariq tumani), Andijon viloyati (Izboskan, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlari) va Qashqadaryo viloyati (Chiroqchi, Ko‘kdala, Koson tumanlari).

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yer osti suvlarining ko‘p yillik o‘rtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanadi.

Bundan tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida va jismoniy shaxslar tomonidan chuqurligi 25 metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash hamda sutkasiga 5 metr kubgacha hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun yakka tartibda olish mustasno.

2023 yil 1 apreldan boshlab yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi bekor qilindi hamda vazirlik tomonidan burg‘ilovchi sub’yektlarga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi joriy etilib, o‘z tasarrufidagi burg‘ilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyati yuklatildi.

Mavzuga oid