Xitoy YeI bilan hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirdi
Pekin «Xitoy kompaniyalarining Yevropadagi sarmoyalari va faoliyati uchun kamsitilmaydigan muhitga» umid qilmoqda, dedi Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan G20 sammiti chog‘ida.
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirdi. «Xitoy va Yevropa ko‘p qutbli dunyoning yirik kuchlari va global taraqqiyotning asosiy dvigatellari sifatida birdamlik va hamkorlikni yanada kuchaytirishi kerak», dedi Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan Nyu-Dehlidagi G20 sammiti chog‘ida Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bilan suhbatda. Bu haqda 10 sentabr, yakshanba kuni Xitoyning «Sinxua» agentligi xabar berdi. Bundan tashqari, Li Xitoy bu yil Xitoy-Yevropa Ittifoqi sammitini tashkil etishda Yevropa bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyadan uzoqlashishda davom etadi
Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan keyin Bryussel Yevropa Ittifoqining Rossiyaga resurslarga qaramligini kamaytirishga harakat qila boshladi. Shu fonda Yevropaning Xitoyga iqtisodiy qaramligi xavfi haqida munozaralar kuchaydi. Fon der Lyayyen bilan suhbat chog‘ida Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Yevropa Ittifoqi «kompaniyalar Yevropaga sarmoya kiritishi va faoliyat yuritishi uchun bozor iqtisodiyoti va adolatli raqobat tamoyillariga amal qilishiga, savdo va investitsiya bozorlarini ochiq saqlashiga hamda xitoyliklar uchun adolatli, shaffof va kamsitilmaydigan muhitni ta’minlashiga umid bildirdi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, «o‘zaro bog‘liqlikni shunchaki ishonchsizlik bilan tenglashtirmaslik kerak, shuningdek, milliy xavfsizlik konsepsiyasini ortiqcha talqin qilib, iqtisodiy masalalarni siyosiylashtirmaslik lozim».
Hindiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi yangi transport yo‘lagi
G20 sammiti ochilishi kunida Ursula fon der Lyayyen va AQSh prezidenti Jo Bayden Hindiston, Fors ko‘rfazi va Yevropa o‘rtasida yangi temiryo‘l koridori yaratilganini e’lon qildi. Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha tufayli Hindiston va YeI o‘rtasidagi tovar ayirboshlash sur’ati 40 foizga tezlashadi.
Financial Times yozishicha, ushbu transport yo‘lagi «Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy qudratiga o‘ziga xos chaqiriq bo‘ladi».
Mavzuga oid
15:02
O‘zbekiston Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi
07:50
YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi
23:40 / 18.11.2024
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi
17:34 / 18.11.2024