O‘zbekiston | 07:39 / 12.09.2023
1489
2 daqiqa o‘qiladi

KOICA O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun grantlar paketini kengaytiradi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish uchun grant dasturlari paketini kengaytirish, Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida sanitariya-epidemiologiya xizmati va aholi salomatligini muhofaza qilish tizimi xodimlarini tayyorlashga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirishga 15 million dollar miqdorida grant ajratiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasiga safarining dastlabki kunida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) Yevrosiyo boshqarmasi bosh direktori Chun Chjixen bilan uchrashdi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, KOICA rivojlanayotgan davlatlarga beg‘araz yordam dasturlarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. Tashkilot xorijiy davlatlarda 50 ga yaqin vakolatxonasiga ega. 1995 yilda O‘zbekistonda ham o‘z vakolatxonasini ochgan. Ayni paytda mamlakatda mazkur nufuzli tashkilot bilan 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orqali ko‘plab mutaxassislar, xususan, tibbiyot xodimlari ham Koreyada stajirovkada bo‘lib qaytmoqda. KOICA loyiha va grantlari ishtirokchisiga aylanyapti.

Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish uchun grant dasturlari paketini kengaytirish, Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida sanitariya-epidemiologiya xizmati va aholi salomatligini muhofaza qilish tizimi xodimlarini tayyorlashga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirishga 15 million AQSh dollari miqdorida grant ajratishni jadallashtirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tibbiyot xodimlarining epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazish va kasalliklar tarqalishiga javob berish qobiliyatini oshirish hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida zamonaviy vivariy va ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini o‘z ichiga olgan “Innovatsion tibbiyot markazi” ni tashkil qilish loyihalari ko‘rib chiqildi.

Mezbonlar joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Koreya xalqaro tibbiyot forumida tashkilotchi hamkor sifatida qatnashishga taklif etildi.

Mavzuga oid