O‘zbekiston | 08:11 / 12.09.2023
3178
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda nemis tilida ta’lim beradigan birinchi universitet ochilishi mumkin

O‘zbekiston va Germaniya Toshkentda nemis tilida ta’lim beradigan birinchi universitetning ochilishini muhokama qilmoqda.

Foto: Dunyo AA

Nemis tilini o‘rganish markazining ochilishi bilan bog‘liq masalani muhokama qilish doirasida Ming CHENG Institut GmbH nemis kolleji rahbari Ming Cheng O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Muzokaralar chog‘ida Germaniya tomoniga mamlakatda har yili 600 ming nafar yoshlar O‘zbekiston mehnat bozoriga kirishi, ularning soni yaqin 1 yil ichida 10 millionga yetishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistonga tashrifi yakunida Ming Cheng TUMO ijodiy texnologiyalar markazi asosida nemis tilini o‘qitish uchun til markazini yaratishga tayyorligini bildirdi. Ushbu markazda ta’lim olgan yoshlarga Germaniya universitetlariga kirish va ish vizasini rasmiylashtirish imkoniyatini beruvchi tegishli sertifikat beriladi.

Nemis ta’lim muassasasi rahbari Germaniya ish beruvchilar bilan shartnomalari bor bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga Germaniyada ishga joylashishga ko‘maklashishi mumkinligini ham ma’lum qildi.

Ming CHENG Institut GmbH rahbariyati Toshkentda birinchi nemis tilida ta’lim beradigan universitetni ochishga tayyorligini bildirdi. Universitet iqtisodiyot, texnologiya va boshqa sohalarda ishlab chiqilgan dasturlar bilan bir qatorda, nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlaydi. Ushbu ta’lim maskani maktab o‘quvchilari va talabalari uchun til o‘rganish kurslari hamda Germaniyada talab qilinadigan kasblar bo‘yicha mehnat muhojirlari uchun kasbiy tayyorgarlikni ham tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid