G20 deklaratsiyasida o‘tgan yilgidan farqli ravishda Rossiyaning bosqinchiligi bevosita qoralanmagani – Moskvani muzokaraga chaqirish yo‘limi? Afrikaning tashkilotga qo‘shilishi G‘arb bu qit’ani BRIKSdan “qizg‘anayotgani”ni anglatadimi? “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida shu kabi savollar ko‘tarildi.

9-10 sentabr kunlari katta yigirmatalik – G20 davlatlari rahbarlari Hindiston poytaxti Dehlida yig‘ildi. Kollektiv g‘arb bilan Saudiyaning ulkan loyihalari, Ukraina inqirozi, g‘alla kelishuvi va tashkilotga yangi a’zo qabul qilingani kabilar uchrashuvning siyosiy rangini boyitdi.

“Geosiyosat” dasturi mavzuni siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Sayfiddin Jo‘rayev bilan muhokama qildi.

— G20 Afrika ittifoqini ham tashkilotga qo‘shib iqtisodiy emas, yanada siyosiy shaklga aylanib boryaptimi? G20'ga qo‘shilish Janubiy Afrika uchun nima beradi?

Farhod Tolipov: G20'ning tarixi va evolyutsiyasini kuzatadigan bo‘lsak, birinchi tuzilgan paytidagi maqsadlardan biroz chetlashganga o‘xshaydi hozir. Eng rivojlangan 20 ta davlat jahon iqtisodiyotiga, muhtoj davlatlarga yordam berish maqsadi qo‘yilgan, o‘zi bu maqsadlarga qanchalar yaqinlashyapti? G20'ning tarkibini juda mukammal deb bo‘lmaydi, chunki unchalik rivojlanmagan davlatlar ham bor. Ayni shu tarkibga Afrika ittifoqini qo‘shish ham g‘alati va bir qancha savollarni o‘rtaga chiqaradi.

BRIKSdan Afrikani qo‘shtirnoq ichida “qizg‘anib” tortib olishdir, degan emotsional sabablar ham unchalik asos bo‘lolmaydi. Chunki hech kimni hech kim tortib ololmaydi. Ko‘p tomonlama tashkilotlar ko‘payib ketyapti bugungi kunda. Ko‘pida BMTning maqsad-vazifalari takrorlanadi. G20 Afrikaga qay darajada yordam berolishi ochiq savol bo‘lib qolyapti.

1950 yillarda bir qator Afrika va Osiyo davlatlari Bandung konferensiyasida “77lar guruhi”ni tuzadi. Unda sobiq mustamlaka mamlakatlar bo‘ladi. Ular yangi iqtisodiy dastur tuzishadi, BMTga kuzatuvchi bo‘lib ro‘yxatdan ham o‘tishadi. Ular o‘z talabnomalari bilan chiqadi. Unda o‘z davrida mustamlakachi bo‘lgan davlatlarga bir qancha talablar qo‘yiladi. Ammo faqat eng rivojlangan bir nechta davlat bu talablarni bajargan, qolganlari tan olmagan ham.

Sayfiddin Jo‘rayev: G20'ga Afrika ittifoqining qo‘shilishini adolatli deb bilaman, chunki bu qit’adan faqat JAR bor edi oldin. Dunyoda kuchlar markazi o‘zgaryapti. Deylik, Afrika butunlay Xitoy ta’siriga tushib qolmasligi uchun ham bu ish qilingandir. Rivojlanish bo‘lib, Afrikaning ham kuchayayotgani sababli balki bu tashkilot salmog‘i oshar.