17:21 / 26.09.2023
31173

Osiyo o‘yinlari kundaligi. Delegatsiya bayroqdori oltin oldi

Bugungi dasturlarda O‘zbekiston vakillari jami 8 ta medal olishdi, shundan to‘rttasi dzyudochilar jamoasida. Delegatsiya bayroqdorlari Osiyo o‘yinlari sovrindorlariga aylandi. O‘zbekiston delegatsiyasi jami 22 ta medal bilan umumiy reytingda 4-o‘rinni saqlab qolmoqda.

26 sentabr kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 13 ta sport turida ishtirok etdi. Kun yakuniga kelib O‘zbekiston nomiga 1 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallar qo‘shib qo‘yildi. 

O‘q otish

Kunning ilk medali o‘q otuvchilar jamoasi tomonidan olindi.

10 metrdan pnevmatik miltiqdan o‘q otish bo‘yicha aralash jamoaviy dasturda ishtirok etgan Javohir Sohibov va Muxtasar Tohirova juftligi 630.3 ball bilan mezbon Xitoy jamoasidan keyin ikkinchi natijani qayd etgan holda finalga chiqdi.

Finalda ham ushbu ikki mamlakat vakillari eng yaxshi natijalarni qayd etishdi - o‘zbekistonliklar yana xitoylik raqiblaridan ortda qolishdi va kumush bilan kifoyalanishdi.

Shu tariqa, o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Bangkok-1998 Osiyo o‘yinlaridan 25 yil o‘tib yana shohsupaga ko‘tarilishdi.

Taekvondo

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi yetakchilaridan biri, Indoneziyadagi avvalgi Osiyo o‘yinlari kumush medal sovrindori Niyoz Po‘latov ishonchni oqlamadi. -63 kg vazn toifasida ishtirok etgan ushbu sportchi ilk bosqichdayoq koreyalik raqibiga yutqazib, turnirdagi ishtirokini erta yakunladi.

Jamoaning qolgan a’zolari Charos Qayumova (-53 kg) va Madina Mirabzalova (-57 kg) esa ishtirokini muvaffaqiyatli boshlab, mos ravishda viyetnamlik Yuyen So hamda tojikistonlik Munisa Oymatovani mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga chiqishdi.

Madina Mirabzalova ikkinchi jangida Taypey vakiliga yutqazdi, Qayumova esa filippinlik Bebi Kanabalni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va yarimfinalga chiqdi. Ammo u final ostonasida taypeylik Lin Vey Chunga yutqazib, bronza medal bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Ushu

Ushu sport turi bo‘yicha Darya Latisheva O‘zbekiston delegatsiyasining turnirdagi navbatdagi medalini qo‘lga kiritdi. U nankuan va nandao dasturlari yakuniga ko‘ra, Xitoy hamda Malayziya vakillaridan keyin bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu Darya uchun Osiyo O‘yinlaridagi ikkinchi medal. U 2018 yilgi musobaqada kumush medal sohibiga aylangan edi. 

Sanda bo‘yicha bahslarda Jamshidbek Guliboyev (-56 kg) va Muhammadali Yo‘ldoshev (70 kg) chorakfinalda yutqazdi.

Dzyudo

Bugungi dasturda O‘zbekiston dzyudo jamoasining besh nafar sportchisi o‘z ishtirokini o‘tkazdi.

+78 kg vazn toifasi vakili Rigina Ilmatova dastlabki bosqichda nepallik raqibini ippon bahosi bilan mag‘lub etgandi, ammo chorakfinalda koreyalik Kim Hayunga yutqazib qo‘ydi. Bu raqibi finalga yetib borgani tufayli Ilmatovada bronza uchun kurashish imkoni paydo bo‘ldi, ammo u o‘tish bahslarida qozog‘istonlik Kamila Berlixashga yutqazib qo‘ydi.

-78 kg vazn toifasida kurashgan Irisxon Qurbonboyeva nimchorak finalda KXDR vakili to‘sig‘idan o‘tdi, chorakfinalda qozog‘istonlik sportchini yengdi. Ammo yarimfinalda xitoylik Ma Jyengjaoga yutqazib qo‘ydi va bronza uchun kurashadigan bo‘ldi. Medal uchun bahsda esa mo‘g‘ulistonlik Xuslen Otgonbayarni mag‘lub etib, O‘zbekiston hisobiga navbatdagi medalni qo‘shib qo‘ydi.

+100 kg vazn toifasi vakili Alisher Yusupov ham Osiyo o‘yinlari sovrindorlari qatoridan joy oldi. Ishtirokini chorakfinalda boshlagan sportchi dastlab qozog‘istonlik raqibini yengib yarimfinalga o‘tdi, ammo ikkinchi bahsda BAA vakiliga yutqazib, bronza uchun kurashadigan bo‘ldi. Medal uchun bahsda yaponiyalik Ota Hyogadan ustun keldi.

-90 kg vazn toifasi vakili, Tokio olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Davlat Bobonov esa kumush bilan kifoyalandi. Ishtirokini nimchorakfinalda boshlagan Bobonov dastlab Bahrayn vakilini mag‘lub etdi, chorakfinalda koreyalik raqibi to‘sig‘idan o‘tdi, yarimfinalda mo‘g‘ulistonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratib, finalga oldi. Ammo oltin uchun bahsda kutilmaganda qirg‘izistonlik Yerlan Sherovga yutqazib qo‘ydi.

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlaridan biri bo‘lgan Muzaffarbek To‘raboyev (-100 kg) esa jamoa hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. U finalgacha yo‘lda turkmanistonlik va qozog‘istonlik raqiblaridan ustun keldi, finalda mo‘g‘ulistonlik Gonchigsuren Batxuyagni mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi yakkalik bellashuvlarini yuqori notada yakunladi. Jamoa musobaqada 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medal bilan umumjamoa hisobida dzyudo vatani Yaponiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu o‘zbekistonlik dzyudochilar Osiyo o‘yinlarida medallar soni va sifati bo‘yicha qayd etgan eng yaxshi natijasiga aylandi.

Qilichbozlik

Bugungi dasturda o‘zbekistonlik to‘rt nafar qilichboz sablya va shpaga bo‘yicha bahslarda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.

Sabliya bo‘yicha bahslarda qatnashgan Paola Pliyego guruh bosqichidan o‘tdi, ammo saralashning ilk bosqichida yaponiyalik raqibiga 14:15 hisobida yutqazib, ishtirokini to‘xtatdi.

Tokio olimpiadasidagi ishtiroki bilan muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan, Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlaridan biriga aylangan Zaynab Dayibekova esa nimchorak finalda yaponiyalik Shihomi Fukushimani 15:12, chorakfinalda xitoylik Xengyu Yangni 15:12 hisoblarida yengib, yarimfinalga chiqdi, ammo final ostonasida koreyalik Yun Jisuga 14:15 hisobida yutqazib qo‘ydi va bronza bilan kifoyalandi.

Shpaga bo‘yicha bahslarda qatnashgan Fayzulla Alimov va Javohir Nurmatov saralashning ilk davrasidan muvaffaqiyatli o‘tishgandi, ammo chorakfinalga chiqa olishmadi.

Boks

Bugungi bahslarda O‘zbekiston boks jamoasining ikki vakili ishtirok etdi.

Ayollar boks jamoasining -75 kg vazn toifasidagi vakili ilk jangdayoq tailandlik raqibiga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etdi.

Erkaklar jamoasining -57 kg vazn toifasidagi vakili Abdumalik Xalokov esa taybeylik sportchini ishonchli hisobda mag‘lub etib (5:0), keyingi bosqichga chiqdi.

Suv polosi

Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi 2-tur uchrashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Janubiy koreyalik raqiblariga qarshi bahs olib borgan jamoa 18:8 hisobida g‘alaba qozondi. 1-turda Xitoydan 5:33 hisobida mag‘lub bo‘lingandi.

Tennis

Tennis bo‘yicha nimchorak finalda qatnashgan Humoyun Sultonov tailandlik Samrej Kasiditni 6:4, 6:2 hisoblarida mag‘lub etdi.

Chim ustida hokkey

O‘zbekiston jamoasi bu safar yaponiyalik raqiblariga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 1-turda Hindistonga 0:16 hisobida yutqazilgandi.

Suzish

400 metrga kompleks suzishda ishtirok etgan Yegor Petryakov saralashdan o‘ta olmadi. U sakkiz kishilik guruhda 4:27.87 natija bilan marraga yettinchi bo‘lib keldi.

Velotrek

Olga Zabelinskaya, Sofiya Karimova, Nafosat Koziyeva, Yanina Kuskova hamda Margarita Misyurinadan iborat O‘zbekiston ayollar jamoasi vakillari saralashda 51,5 km masofaga 4:39.539 soatda yetib kelib, guruhda beshinchi o‘rinda qolib ketdi. Nikita Tsvetkov, Danil Yevdokimov, Aleksey Fomovskiy, Yedem Yeminov va Dmitriy Bocharovdan iborat erkaklar jamoasi ham guruh bosqichidan o‘ta olmadi - 57,2 km masofaga 4:11.417 natija ko‘rsatildi.

Shaxmat

O‘zbekistonlik to‘rt shaxmatchi bugungi dasturda uchtadan bellashuv o‘tkazdi. 

Nodirbek Abdusattorov dastlab xitoylik Vey Yini mag‘lub etdi, ammo keyin hindistonlik Vidit Gujarathiga yutqazdi, 7-tur doirasida esa mo‘g‘ulistonlik Bilgun Sumiya bilan durang o‘ynadi. U bundan oldingi to‘rt turda 3 g‘alaba va bir durang (vatandoshi Javohir Sindarov bilan) qayd etgandi.

Javohir Sindarov esa bugungi turlarda hindistonlik Arjun Erigasi bilan durang o‘ynadi, xitoylik Vey Yiga yutqazdi, eronlik Parham Maqsudluni mag‘lub etdi. Oldingi turlarda u 2 g‘alaba va 2 durang qayd etgandi.

Nilufar Yoqubboyeva bugun hindistonlik Humpi Koneru va BAA vakili Ruda Alaliga yutqazdi, janubiy koreyalik Seo Jivonni mag‘lubiyatga uchratdi. U oldingi turlarda ikki g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etgandi.

Umida Omonova singapurlik Qianyun Gong va xitoylik Yifan Houni mag‘lub etdi, xitoylik yana bir shaxmatchi Zu Jiner bilan durang o‘ynadi. U bungacha uch g‘alabaga erishib, bir bor mag‘lub bo‘lgandi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi 5 ta oltin, 6 ta kumush va 11 ta bronza bilan umumiy reytingda 4-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid
Top