Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, kompaniya xalqaro tender natijalariga ko‘ra g‘olib deb topildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarining barcha ishchi-xodimlari yangi kompaniyaga ishga qabul qilinadi.

Xo‘jayevning ta’kidlashicha, chet eldan 10–15 nafar mutaxassis jalb etiladi. Qolgan ishlar mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati doirasida elektr tarmoqlarini qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarida foydalaniladigan mahsulotlarning kamida 90 foizini ichki bozordan, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida kompaniya belgilangan miqdordan kam bo‘lmagan hajmda investitsiya kiritishi shart.

Kompaniya mutaxassislari hozirda hududni o‘rganish ishlarini olib borib, ilmiy yondashuv asosida loyihalarni shakllantirmoqda.

Loyihaning dastlabki natijalari va tajribasidan kelib chiqqan holda, kelgusida boshqa hududlarda ham ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.