2023 yil O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo tashqi siyosatida yuqori faollik sezilmoqda. C5+1 formatidagi muloqot doiralari soni o‘ndan oshdi. Kuni kecha bu ro‘yxatga Germaniya ham qo‘shildi.
29-30 sentabr kunlari Berlinda birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitning ahamiyati va u bo‘lib o‘tgan geosiyosiy kontekstni muhokama qilish maqsadida studiyamizga siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdik.
— Germaniya-Markaziy Osiyo munosabatlarining o‘zagida qanday manfaatlar mavjud?
Farhod Tolipov: — Germaniyaning Markaziy Osiyoga nisbatan o‘z qarashlari, strategiyasi doim bo‘lgan. YeIning eng kuchli davlatlaridan bo‘lgan Germaniya 90-yillardan boshlab Markaziy Osiyoga qaratilgan maxsus strategiya ishlab chiqib harakat qilgan. Tartiblashtirilgan maxsus hujjat 2008 yildan boshlab YeIning Markaziy Osiyo strategiyasi deb yuritila boshlangan. Shu strategiyaning ishlab chiqilishida Germaniya tashabbuskor bo‘lgan. 2019 yilda qabul qilingan yangi strategiyada ham aynan Germaniya tashabbus ko‘rsatdi.
Tarixdagi imperiyalar o‘rtasidagi kurash davrida ham Germaniyaning Markaziy Osiyo, Afg‘onistonga nisbatan o‘z qarashlari, pozitsiyasi bo‘lgan. Umuman, har doim Germaniya Markaziy Osiyoga muhim mintaqa sifatida qaragan.
O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari keng qamrovli. Statistik ma’lumotlarda ham ko‘rish mumkin: O‘zbekiston tashqi savdosida YeI davlatlari ichida Germaniya birinchi o‘rinda turibdi. Shuningdek, Germaniya eng yirik investorlardan biri hisoblanadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Germaniya – YeIdagi O‘zbekiston bilan juda vazmin va ishonchli munosabatlar tarafdori bo‘lgan davlat. 2005 yildagi Andijon voqealaridan so‘ng kollektiv G‘arb O‘zbekistonga sanksiyalar qo‘llamoqchi bo‘lganda, Germaniya buni qo‘llab-quvvatlamagan va qo‘llangan sanksiyalarni tezroq olib tashlash tarafdori bo‘lgan. Aholi soni bo‘yicha YeIdagi eng katta davlat Germaniya hisoblanadi, taxminan 80 mlndan oshiq. YeIning iqtisodiy lideri.
Germaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi tashabbuslar ko‘rsatyapti. O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi emas, o‘z nomidan 5 ta davlatni taklif qildi. Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari bilan yopiq eshiklar ortida muloqot bo‘ldi.
Birinchi kontekst Ukrainadagi urush bo‘lgan, menimcha. Keyingi masala esa Xitoy va Rossiya tandemi shakllanayotgan bir davrda Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish. Bu ikki davlatning mintaqamiz davlatlaridagi iqtisodiy ulushi, ta’siri katta, shuning uchun bu ulush kamaytirilmas ekan, tabiiy ravishda geosiyosiy ta’sir bo‘laveradi. Shu sababli muvozanatni saqlash uchun AQSh va YeIning mintaqa bilan hamkorligi oshib borishi maqsad qilinyapti.













