O‘zbekiston | 09:18 / 05.10.2023
1561
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Italiya sharqshunos olimlari klubi tashkil etiladi

Italiyada Amir Temur va temuriylar merosiga oid anjumanlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Foto: Dunyo AA

Joriy yil 28 sentabr-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, senator Azamat Ziyoning Italiyaga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tashrif davomida Neapol sharqshunoslik universiteti, La Sapienza universiteti olimlari hamda Italiya Markaziy davlat arxivi va Sandro Teti Publishing House nashriyot uyi mutasaddilari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazildi.

Neapol sharqshunoslik universiteti professori Mikele Bernardini Italiyada Amir Temur va temuriylar davriga oid ko‘plab tarixiy manbalar mavjudligini ta’kidlab, Genuya, Venetsiya va Rim arxivlaridan jiddiy izlanishlar qilish zaruriyatini bildirdi. U Italiyada mazkur davrga oid tarixiy manbalarni o‘rganish va ularning katalogini shakllantirishda amaliy yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Neapol sharqshunoslik universiteti o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, ilmiy akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, «O‘zbekiston va Italiya sharqshunos olimlar klubi»ni tashkil etish, Italiyada Amir Temur va temuriylar merosiga oid anjumanlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Azamat Ziyoning La Sapienza universiteti professori Magda Pedachi bilan kechgan muloqoti chog‘ida Amir Temur hayoti va davlatchiligi, 20 asrda turkistonliklarning Yevropadagi hayoti, shu jumladan Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik askarlarning Italiya partizanlari bilan birgalikda fashistlarga qarshi kurashda ishtiroki to‘g‘risida fikr almashildi. Magda Pedache qadimgi Turkiston hududi, Markaziy Osiyo va O‘rta Yer dengizi bo‘yicha ma’lumotlar saqlanadigan Italiya muassasalari hamda tadqiqotchilari bilan hamkorlik o‘rnatishda ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Tarix instituti direktori, shuningdek, Italiya Markaziy davlat arxiviga tashrif buyurdi va Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Antonio Frerate bilan suhbatlashdi. Uchrashuv davomida arxiv faoliyati, fondi, restavratsiya qilish tajribasi hamda hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari bilan yaqindan tanishildi. Arxivga a’zo bo‘lish, tegishli ma’lumotlarni izlab topish, tomonlar o‘rtasida aloqa o‘rnatish masalalari, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning arxivda izlanish olib borishi va boshqa masalalar muhokama qilindi.

https://dunyo.info/uzk/obrazovanie/ozbekiston-fanlar-akademiyasi-tarix-instituti-italiya-oliy-talim-muass

Mavzuga oid