Politico xabariga ko‘ra, Tramp 18 iyun kuni kechqurun Italiya ommaviy axborot vositalari bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Meloni haqida «men u bilan gaplashganimdan xursand bo‘lgan ko‘rinadi. Men bunday qilishga majbur emasdim», dedi.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, Meloni o‘zi bilan suratga tushishni «juda xohlagan». «Men rozi bo‘lmasdim, lekin unga rahmim keldi», dedi Oq uy rahbari.
Qayd etilishicha, bu izohlar bosh vazirning prezident bilan munosabatlari avvalgidek yaxshiligicha qolayotgani haqidagi so‘nggi va’dalariga zid keladi.
Nashrning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan keskin videoda Meloni Trampning bayonotini «mutlaqo uydirma» deb atadi va «Italiya va men hech qachon yolvormaymiz» dedi.
Italiya bosh vaziri prezidentning so‘zlaridan «hayratda qolganini» va «bu birinchi marta bo‘lmasa-da... afsuski, [Tramp] G‘arb dushmanlariga qarshi kurashda xuddi shunday qat’iyat ko‘rsatmayotganini» qo‘shimcha qildi.
Maqolada aytilishicha, ikki davlat rahbarlari Eviandagi uch kunlik G7 sammitida bir necha bor uchrashgan. Bu aprel oyidagi ommaviy tortishuvdan keyin birinchi marta yuz berdi. Shu vaqtda Italiya bosh vaziri Trampning Papa Leoga qarshi hujumlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb ataganida, bu Amerika prezidentini Meloni «endi men bilgan odam emas» deb aytishga undadi.
Nashrning ta’kidlashicha, italiyalik diplomatlardan biri Meloni va Trampning dushanba kuni kechqurun G7 kechki ovqatida bo‘lib o‘tgan birinchi shaxsiy uchrashuvini «munosabatlarni aniqlashtirish uchrashuvi» deb ta’riflagan.
16 iyun «Katta yettilik»ning davra suhbatlaridan birida Yevropa kengashi raisi Antoniu Kosta hazillashib, ular «yana do‘st bo‘ldi», deb aytdi. Tramp: «Meni tashlab ketishdi», deb javob berdi, Meloni esa: «Yo‘q, unday emas», deb kuldi.
E’tiborlisi, 17 iyun kuni «Katta yettilik»ning yakuniy matbuot anjumani chog‘ida Meloni jurnalistlarga Tramp bilan munosabatlari «eskicha qolganini» aytdi.
«Donald Tramp va men o‘z mamlakatlarining milliy manfaatlarini himoya qiladigan ancha kuchli xarakterga ega ikki kishimiz. Biror narsada kelisha olmasak, tushuntirishimizga hojat yo‘q, chunki oxir-oqibat bir-birimizning nuqtai nazarimizni tushunamiz», dedi Meloni.
Nashrning ta’kidlashicha, Italiya hukumatining boshqa a’zolari o‘z bosh vazirini ochiqchasiga himoya qilgan.









