Ukrainada urushning 598-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Qrim ko‘prigi faoliyati to‘liq tiklandi, deb xabar berdi RF vitse-premeri Marat Xusnullin. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Qrim ko‘prigida ikki portlash ro‘y bergan — 2022 yil 8 oktyabr va 2023 yil 17 iyul kunlarida. Portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilgan.
  • Sochi yaqinida, Qora dengiz hududida ikki dron urib tushirildi. Shahar hududida vayrongarchiliklar va jabrlanganlar bo‘lmagan.
  • Qo‘shma Shtatlar birinchi marta Shimoliy Koreyani Rossiyaga qurol yetkazib berishda to‘g‘ridan to‘g‘ri aybladi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, 7 sentabrdan 1 oktyabrga qadar Rossiya bayrog‘i ostida suzgan kemalar KXDR o‘q-dorilari yuklangan mingdan ortiq konteynerni Rossiya portiga olib kelgan, yuklar bu yerdan Rossiya harbiy omborlariga olib ketilgan.
  • Rossiya armiyasi sharqiy frontning bir necha uchastkalarida, birinchi navbatda — Avdiyivka hududida intensiv hujum qilishda davom etmoqda. Ikki tomondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya qo‘shini so‘nggi kunlarda artilleriya va aviatsiyadan yoppasiga zarbalar yo‘llagan va Avdiyivkadagi ukrain guruhini qurshab olish maqsadi doirasida shimoliy qanotda bir necha yuz metrga ilgarilagan, ammo hozircha front chizig‘ida jiddiy o‘zgarish kuzatilmayapti. Rossiyalik harbiylar Avdiyivkadan tashqari shimoldagi Kupyansk atrofida va janubdagi Maryinka hududida faol hujum qilmoqda.
  • Ukraina harbiylari va g‘arb razvedkasi Zaporijjya oblastining Tokmak shahrini Ukraina qurolli kuchlarining yaqin haftalardagi yurishi uchun real maqsad deb hisoblashmoqda.
  • Kongress AQShga bir vaqtning o‘zida Xitoy va Rossiyaga qarshi kechadigan urushga tayyorlanishni tavsiya qildi.

Izmayil o‘qqa tutilishi oqibatlari

Dunay daryosi yoqasidagi port shahar bo‘lmish Izmayilda yashovchi ayol rossiyaliklarning 12 oktyabrga o‘tar kechasi yo‘llagan zarbasidan shikastlangan uyi oldida. Hujum vaqtida bir keksa ayol yaralangan, qurbonlar yo‘q.
Nina Liashonok / Reuters / Scanpix / LETA
Izmayilda yashovchi kishi ko‘tarma platformada rossiyaliklar zarbasi vaqtida shikastlangan elektr uzatish liniyasini ta’mirlamoqda. Izmayil — Odessa oblasti janubida, Ruminiya bilan chegara yaqinida, Dunay daryosi yoqasidagi port shahar hisoblanadi. RF armiyasi Izmayil port infratuzilmasini 12 oktyabrgacha ham o‘qqa tutgandi.