Dunyo aholisining 40 foizi bir tilda, 43 foizi esa ikki tilda gaplashadi. Yer yuzi aholisining taxminan 1,2 milliardi yangi tilni o‘rganmoqda. Bir nechta til biladiganlar 2 dan 15 foizgacha ko‘proq pul topishlari mumkin. Veb-saytlar va ulardagi ma’lumotlarning 50 foizdan ortig‘i inglizcha, 5 foizdan ko‘prog‘i esa ruscha. 100 ortiq mamlakatlarda ingliz tilida gaplashish mumkin, rus tili esa asosan Rossiya va ayrim possovet hududlaridagina amal qilib, bu ko‘lam torayib boryapti. Chet tilini o‘rganish bo‘yicha tahlillarga asoslangan bugungi mavzu tanlov qarshisida turganlar uchun foydali bo‘ladi.

Yaqin 10 yilliklargacha O‘zbekiston maktablarida xorijiy tillar (asosan ingliz va rus tillari) 2-sinfdan boshlab o‘tilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda hatto maktabgacha ta’lim bosqichlaridan til darslari dasturlarga kiritilib, til o‘rganish yoshi 2-3 yilga “yoshardi”. Demak, talab bor – maqsadni esa to‘g‘ri qo‘yish kerak. Xorijiy tilni o‘rganish alohida qunt, mashaqqat va vaqt talab etadi. Shunday ekan, o‘rganilayotgan tilning istiqboli ham qilingan mehnatni oqlashi lozim.

Maqsadni aniqlab olish

O‘zbekiston ta’lim darsliklariga xorij tillaridan rus, ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillar kiritilgan. Asosan, rus (bir o‘quv yilida 68 soat) va ingliz (bir o‘quv yilida 102 soat) tillari. Bu tillar biz uchun boshlang‘ich baza vazifasini bajaradi. Maqsad qo‘yayotganda esa bir-birini inkor etadigan paradoks fikrlar ongimizda aylanaveradi: odamlar soniga ko‘ra til o‘rganilsa, asosan, bitta davlatdagina qo‘llaniladigan hind va xitoy tillari tarozini bosadi; ko‘lamiga qarab o‘rganilsa, dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida ingliz tilida gaplashishadi; rus tilini o‘rganay desangiz, Rossiyadan nariga o‘tishingiz bilan sizni tushunishmaydi yoki eshitishmaydi; turkiy davlatlar birlashuvi tarafdorlari esa yagona adabiy turkiy tilining yaratilishidan umidvor, xullas, tanlov ko‘p. Eng muhimi, maqsadni to‘g‘ri aniqlab olish. “Bu til menga nima beradi?” savoliga aniq javobimiz bo‘lishi shart. Buning uchun esa asosli tahlil lozim.